Rossiya Mo‘g‘ulistonda AES quradi
Olam
−
03 Sentabr
4233Rossiya Mo‘g‘ulistonda kichik modulli atom elektr stansiyasini quradi. Bu haqda “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachev ma’lum qildi.
Lixachevning so‘zlariga ko‘ra, birinchi bosqichda stansiya Rossiya kompaniyasi tomonidan boshqarilishi mumkin. Atom elektr stansiyasi Chingizxonning qadimiy poytaxti o‘rnida qurilishi rejalashtirilgan bo‘lajak Yangi Xorhorum shahrini elektr energiyasi bilan ta’minlaydi.
“Bahorda Sochidagi Atomexpo ko‘rgazmasida Mo‘g‘ulistonda kichik modulli atom elektr stansiyasini yaratish bo‘yicha yo‘l xaritasi imzolandi. Mintaqada mo‘g‘ul tomoniga 220 dan 330 megavattgacha bo‘lgan ana shunday quvvat kerak. Biz loyihaning texnik rejasini amalda tasdiqladik va 2 sentyabr kuni Monatom, Energetika vazirligi va Mo‘g‘uliston Xavfsizlik Kengashi bilan ko‘p darajali muzokaralar olib borildi”, deydi Lixachev.
“Rosatom” rahbarining qo‘shimcha qilishicha, asosiy masala kadrlardir.
Shuningdek, u Mo‘g‘uliston uran texnologiyalari uchun yangi emasligini va mamlakatda ishlash va baham ko‘rish uchun nimadir borligini ta’kidladi.
Ma’lumot uchun, 2-3 sentyabr kunlari Rossiya Prezidenti Vladimir Putin rasmiy tashrif bilan Mo‘g‘ulistonda bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning may oyida Vladimir Putinning Toshkentga tashrifi doirasida Rossiya va O‘zbekiston delegatsiyalari 26 ta hujjat, xususan, O‘zbekistonda Rossiya loyihasidagi kam quvvatli atom elektr stansiyasini qurish bo‘yicha hujjatlarni imzolagandi. Iyun oyida O‘zbekiston va Rossiya Jizzaxda kam quvvatli AES qurilishi boshlanishi haqida protokol imzolangandi.
LiveBarchasi