Rossiya Mirnogradni egallamoqchi
Olam
−
09 dekabr 4163 2 daqiqa
Rossiya armiyasi Mirnograd shahri yaqinida Ukraina bo‘linmalarini qurshab olishga urinyapti. Bu haqda bugun, 9 dekabr kuni Rossiya Bosh shtab rahbari Valeriy Gerasimov ma’lum qildi.
Uning aytishicha, Rossiya qo‘shinlari Ukrainadagi butun front chizig‘i bo‘ylab oldinga siljigan. Ukraina esa bu bayonotni inkor etdi va hududni bermaslikka va’da berdi.
Gerasimov 46 ming kishilik aholi istiqomat qiladigan Mirnograd shahrida Ukraina qo‘shinlarini mag‘lub etishga buyruq berganini aytgan. Uning qo‘shimcha qilishicha, Rossiya Mirnograddagi binolarning 30 foizdan ortig‘ini nazoratga olgan.
Shu bilan birga, Ukraina Rossiyaning Pokrovsk qulagani haqidagi da’volarini bir necha bor rad etib, harbiylar shaharning bir qismini ushlab turishda davom etayotganini va Mirnogradda rossiyaliklarga qarshi kurashayotganini aytdi.
Rossiya hozirda Ukrainaning 19,2 foizini, jumladan, 2014 yilda anneksiya qilgan Qrim, Lugansk va Donetskning 80 foizdan ortig‘ini, Xerson va Zaporojening qariyb 75 foizini, Xarkov, Sumi, Nikolayev va Dnepropetrovsk viloyatlarining ayrim hududlarini nazorat qiladi.
Putin o‘tgan hafta Ukraina qo‘shinlari chekinmasa, Rossiya Ukrainaning Donbass mintaqasini kuch bilan to‘liq nazorat ostiga olishini aytgandi. Kiyev esa buni qat’iyan rad etgandi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina sun’iy intellektli dronlardan foydalana boshlagani haqida xabar berilgandi. Dron interfeysi avtomatik ravishda potensial nishonlarni yashil rangda ajratib ko‘rsatadi, zarba uchun tavsiya etilgan maqsadlarni binafsha rangda belgilaydi, operator yakuniy tasdiq berganidan so‘ng esa nishon qizil rangda ko‘rinadi.