Rossiya Xerson yo‘nalishida sukut rejimini e’lon qildi
Olam
−
23 Oktyabr 1243 2 daqiqa
Rossiya Qurolli kuchlari Xerson yo‘nalishidagi Oleshki aholi punkti yaqinida gumanitar operatsiya o‘tkazilishi munosabati bilan joriy yil 27 oktyabr Moskva vaqti bilan soat 04:00 dan e’tiboran sukut rejimini joriy etmoqda. Bu haqda Rossiya Qurolli kuchlari Bosh shtabi boshlig‘i – Mudofaa vazirining birinchi o‘rinbosari armiya generali Valeriy Gerasimov ma’lum qildi.
“Xerson viloyatining Oleshki aholi punkti hududida gumanitar operatsiya o‘tkazilishi munosabati bilan Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari tomonidan Xerson yo‘nalishida o‘t ochish to‘xtatiladi va 2026 yil 27 oktyabr Moskva vaqti bilan soat 04:00 dan sukunat rejimi joriy etiladi”, deyiladi bayonotda.
Uning qo‘shimcha qilishicha, odamlar xavfsizligini ta’minlash va ijtimoiy muhim yuklarni yetkazib berish uchun muhandislik qidiruv-kuzatuv ishlari hamda gumanitar avtokarvonning xavfsiz harakatlanishi tashkil etiladi.
Oleshki Dneprning chap sohilida – Ukraina Qurolli kuchlari nazorati ostidagi Xerson qarshisida joylashgan. Bugun, 23 oktyabr kuni Oq uy matbuot xizmati Rossiya va Ukraina 29 oktyabrdan e’tiboran tinch aholini shahardan evakuatsiya qilish uchun o‘t ochishni to‘xtatishga rozi bo‘lganini xabar qilgandi. Bu kelishuvga AQSHning birinchi xonimi Melaniya Tramp ishtirokida erishilgan.
“Bu haqda Rossiya prezidenti Vladimir Putin va AQSH yetakchisi Donald Tramp o‘rtasidagi muzokaralar chog‘ida so‘z borgan”, deb tasdiqlaydi Rossiya yetakchisining matbuot kotibi Dmitriy Peskov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, gumanitar operatsiya doirasida barcha ko‘ngillilar Oleshkini tark etishi mumkin bo‘ladi. Missiya katta va murakkab tayyorgarlikni talab qiladi.
Peskov joriy yilning 21 sentyabr kuni Oleshkida oziq-ovqat bilan bog‘liq vaziyat kritik (o‘ta og‘ir) ekanini, shuningdek, shaharga dori-darmon yetkazib berish ham qiyinlashayotganini aytgan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 16 oktyabr kuni Putin Rim papasi Lev XIV bilan telefon orqali muloqot qilgandi. O‘shanda tomonlar Oleshkidagi gumanitar inqirozni ham muhokama qilgan. Muloqot davomida pontifik shahardagi tinch aholining taqdiridan xavotir bildirgan, Prezident esa yuzaga kelgan vaziyat uchun Ukraina javobgar ekani haqida “batafsil tushuntirishlar bergan”.
Live
Barchasi23 Oktyabr