Rossiya Markaziy Osiyoga yordam berishga ishontiryapti

Olam

image

Markaziy Osiyo davlatlari terrorizmga qarshi kurashda Rossiyaning yordamiga ishonishlari mumkin. Bu haqda bugun, 18 oktyabr kuni Dushanbeda bo‘lib o‘tayotgan terrorizmga qarshi kurashda xalqaro va mintaqaviy hamkorlik bo‘yicha yuqori darajadagi konferensiyada so‘zga chiqqan Rossiya Tashqi ishlar vazirligining yangi chaqiriqlar va tahdidlar departamenti direktori Vladimir Tarabrin ma’lum qildi. 

“Markaziy Osiyo davlatlari terrorizmga qarshi kurashda Rossiya Federatsiyasining har tomonlama yordami va qo‘llab-quvvatlashiga qat’iy ishonishlari mumkin”, deb ishontirdi Tarabrin. 

U Markaziy Osiyoda BMTning global aksilterror strategiyasini amalga oshirish va mintaqadagi terrorchilarning qurol-yarog‘ bilan ta’minlanishiga qarshi kurashish bo‘yicha Rossiya Federatsiyasi tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan Terrorga qarshi kurash boshqarmasining loyihalariga e’tibor qaratdi. 

Tashqi ishlar vazirligi vakili 2022 yil sentyabr oyida Rossiyaning Qobuldagi elchixonasiga qarshisida sodir etilgan terakt terrorizmga qarshi kurashda, jumladan, Markaziy Osiyo mintaqasida ham sa’y-harakatlarni birlashtirish muhimligini yana bir bor tasdiqlaganini ta’kidladi. 

Dushanbedagi anjuman Birlashgan Millatlar Tashkilotining Terrorizmga qarshi kurash boshqarmasi, Tojikiston hukumati, Markaziy Osiyo uchun Preventiv diplomatiya bo‘yicha mintaqaviy markaz, YeXHT va Yevropa Ittifoqi hamkorligida tashkil etilmoqda. 

Unda vazirlar, BMTga a’zo davlatlar vakillari, BMTning Global aksilterror strategiyasi bo‘yicha tuzilmalari, xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar, fuqarolik jamiyati institutlari, chegara xavfsizligi bo‘yicha ekspertlar ishtirok etishi kutilmoqda. Konferensiya yakunlari bo‘yicha terrorizmga qarshi kurashish va terrorchilar harakatining oldini olish uchun chegara xavfsizligi va chegara nazorati sohasida Dushanbe deklaratsiyasi qabul qilinishi kutilmoqda.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Terrorizm va ekstremizm

Baholaganlar

158

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing