Rossiya Makronni Moskvaga yadroviy tahdid qilishda aybladi
Olam
−
07 mart
5351Fransiya Prezidenti Emmanuel Makron zamonaviy Rossiya butun Yevropa, jumladan, Fransiya uchun tahdidga aylanganini va u Ukrainada to‘xtab qolishiga hech qanday asos ko‘rmayotganini aytgandi. Rossiya Tashqi ishlar vazirligi Makronning bayonoti ortidan Parijni rasmiy Moskvaga yadroviy tahdid qilishda aybladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.
“Ukraina atrofidagi inqiroz va Rossiya bilan qarama-qarshilikka bag‘ishlangan YeI sammiti arafasida Fransiya Prezidenti Makron Rossiyaga qarshi o‘ta agressiv nutq so‘zladi. Mamlakatimizni yana bir bor “Fransiya va Yevropaga tahdid” deb bilgan holda, u odatdagidek uni hech qanday dalilsiz barcha o‘limli gunohlarda aybladi – kiberhujumlar va saylovlarga aralashishdan tortib, boshqa Yevropa davlatlariga deyarli hujum qilish istagigacha”, deyilgan vazirlik xabarida.
Vazirlikning yozishicha, Makronning nutqi Ukraina uchun xavfsizlik kafolatlarini ta’minlashga qaratilgan. Rossiya uchun xavfsizlik kafolatlari haqida esa bir og‘iz ham so‘z yo‘q.
“Ammo aynan shunday kafolatlarning yo‘qligi, G‘arb tomonidan mamlakatimiz uchun doimiy tahdidlar yaratilishi, birinchi navbatda, NATOning cheksiz kengayishi – berilgan va’dalarga zid ravishda Ukrainani Rossiyaga qarshi ko‘prikka aylantirish istagi hozirgi inqirozga olib keldi. G‘arb yetakchilari, jumladan Makronning o‘zi ham bu haqda qayta-qayta va uzoq yillar davomida ogohlantirilgan. Yana bir bor amin bo‘ldikki, Parij hali ham mamlakatimizning hayotiy manfaatlarini inobatga olmoqchi emas va bor e’tiborini G‘arbga zarur bo‘lgan qarorlarni qabul qilishga “majburlash”ga qaratgan. Bundan hech narsa chiqmaydi, albatta”, deydi Rossiya TIV.
Rossiya Fransiya rahbarining Moskvaga yo‘llagan nutqini o‘z mamlakati ichidagi mavjud muammolar bilan bog‘liqligini qayd etgan.
“Fransiya Prezidentining nutqi o‘z mamlakatining ichki tashvishlari bilan bog‘liq. Buning ortida o‘z aholisini Fransiya va umuman Yevropa Ittifoqidagi og‘irlashib borayotgan ijtimoiy-iqtisodiy muammolardan chalg‘itish, o‘z e’tiborini tashqi tahdidlarga qaratish va o‘tgan yil davomida pasayib ketgan siyosiy pozitsiyalarini qandaydir tarzda mustahkamlash istagi bor”, deydi vazirlik.
Makronning so‘zlariga ko‘ra, Rossiya allaqachon Ukrainaga qarshi jahon miqyosidagi urushning chizmalarini berib, KXDRdan qo‘shinlar va Eron qurollarini olib kelgan, shu bilan birga, Rossiya Pxenyan va Tehronga bir vaqtning o‘zida yordam berib, Kremlning Yevropadagi muxoliflarini o‘ldirishdan tortinmayapti, saylovlarga aralashmoqda, kiberhujumlarni amalga oshirmoqda, ijtimoiy tarmoqlarda yolg‘on axborot tarqatish orqali jamoatchilik fikrini manipulyatsiya qilishga urinmoqda.
LiveBarchasi