Rossiya Kiyevga zarba berdi. Qurbonlar va yaradorlar bor
Olam
−
14:06 2898 1 daqiqa
Bugun, 14 martga o‘tar kechasi Rossiya tomonidan Kiyev viloyatiga raketa va dronlar bilan berilgan ommaviy zarbalar oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi, yana 15 kishi jarohatlandi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Nikolay Kalashnik ma’lum qildi.
Qayd etilishicha, viloyatning to‘rtta tumani o‘qqa tutilgan. Eng katta talofatlar Obuxov va Brovari tumanlarida qayd etilgan. Umumiy hisobda 30 dan ortiq ob’ekt, jumladan, ko‘p qavatli va xususiy turarjoy binolari, o‘quv yurtlari, hayotiy muhim infratuzilma korxonalari, ishlab chiqarish va omborxonalar hamda avtomobillar shikastlangan.
“Insider.ua” nashrining yozishicha, hujumdan ko‘zlangan asosiy nishonlar Tripole IES (issiqlik elektr stansiyasi) hamda Kiyevni Rivne AES (atom elektr stansiyasi) bilan bog‘lovchi Nalivaykovkadagi podstansiya bo‘lgan.
Kiyev shahri va Kiyev viloyatining Bucha tumanida elektr energiyasini favqulodda o‘chirish tartibi joriy etilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina qo‘shinlari Rossiyaning Bryansk shahriga raketa zarbasi bergan edi. Hodisa oqibatida 12 kishi jabrlangan.