Rossiya Kiyevga yana zarba berdi. Qurbonlar orasida 5 yashar bola ham bor
Olam
−
23 mart
4546Bugun, 23 martga o‘tar kechasi Kiyevda Rossiya dronlarining yirik zarbasi oqibatida uch kishi halok bo‘ldi, ular orasida besh yoshli bola va uning otasi ham bor. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Ukraina poytaxtiga hujum mahalliy vaqt bilan soat 21:00 atrofida boshlangan va soat 02:00 gacha davom etgan. Ukrainaning boshqa hududlarida dronlar hujumi ertalabgacha davom etgan.
“Mavjud ma’lumotlarga ko‘ra, uch kishi, jumladan, 5 yoshli bola halok bo‘lgan. Yana 10 kishi jarohatlangan. Halok bo‘lganlar orasida ota va uning kichkina qizi ham bor. Rossiya hujumi oqibatida jabrlangan eng kichigi esa atigi 11 oylik”, deyiladi xabarda.
Ukraina Harbiy-havo kuchlari ma’lumotlariga ko‘ra, 23 martga o‘tar kechasi Rossiya Ukrainaga 147 ta dron va dron-imitatorlardan foydalangan holda hujum qilgan.
Ertalabgacha 97 ta uchuvchisiz dronlar urib tushirilgan, yana 25 ta uchuvchisiz imitator esa salbiy oqibatlarsiz joylashuv nuqtasidan yo‘qolgan.
Shuningdek, mamlakat Harbiy-havo kuchlari poytaxt yo‘nalishida ko‘plab dronlar uchayotgani haqida xabar bergan, monitoring kanallari esa ular o‘nlab – 20 tadan 60 tagacha bo‘lganini ko‘rsatgan.
“Portlashlar to‘xtamayapti”, deb yozgan poytaxtlik ayollardan biri ijtimoiy tarmoqlarda.
Ijtimoiy tarmoq foydalanuvchilari tomonidan tarqatilgan ba’zi videolarda kuchli yong‘inlarni ko‘rish mumkin.
Kiyevning Podolsk tumanida 25 qavatli turarjoy binosining 20-qavatidagi 20 kvadrat metr maydondagi yong‘in bartaraf etilgan.
Goloseyev tumanida to‘rt qavatli ofis-ombor binosi yonib ketgan, yong‘in maydoni 2 ming kvadrat metrni tashkil etgan. Ushbu uchastkada yana bir kishi halok bo‘ldi.
Eslatib o‘tamiz, 21 mart oqshomidan 22 mart tongiga qadar Rossiya Ukrainaga keng ko‘lamli dronlar hujumi uyushtirgandi. Zaporoje, Xarkov, Sumi viloyatlari hamda Kiyev hujumlardan zarar ko‘rgan. 179 ta drondan 100 tasi urib tushirilgan. Umumiy hisobda besh kishi halok bo‘lib, bir necha o‘nlab odam jarohatlangandi.
LiveBarchasi