Rossiya Kiyevga ballistik raketa bilan hujum qildi
Olam
−
06 aprel
9986Rossiyaning Kiyevga ballistik raketalar bilan uyushtirgan hujumi oqibatida uch kishi jarohat oldi. Bu haqda bugun, 6 aprel kuni ertalab Ukraina Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabar berdi.
“Qutqaruvchilar Darnitsa, Obolon va Solomyanka tumanlarida hujum oqibatlarini bartaraf etmoqda”, deyiladi xabarda.
Ularning ma’lumotlariga ko‘ra, Darnitsa tumanida notururjoy yonib ketgan, boshqa bir bino esa vayron bo‘lgan. Obolon tumanida mebel sexi va unga qo‘shni omborxona yonib ketgan, besh qavatli biznes markazining uch qavati qisman vayron bo‘lgan. Solomyanka tumanida ochiq hududda alohida yong‘in o‘choqlari va ombor binosining fasadi yongan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmatiga ko‘ra, yong‘in bartaraf etilgan.
Shuningdek, Rossiya Ukrainaga qarshi urushni davom ettirar ekan, Kupyansk shahriga yo‘naltirilgan aviabomba bilan hujum qildi. Xarkov viloyati rahbari Oleg Sinegubovga ko‘ra, hujum ko‘p qavatli uyga tegdi. Oqibatda 9-qavatga zarba berilgan, 2-7-qavatlar oralig‘ida balkonlar va 4 ta kvartira yongan. 67 yoshli erkak va 78 yoshli ayol jarohat olgan.
Mykolayivda esa yana uch kishi jabrlangan. Rossiyaning xususiy uy sektoriga bergan hujumi oqibatida uylar va avtomobillar shikastlangan, ikki uydagi yong‘inlar o‘chirilgan. Bir ayol shifoxonaga yotqizilgan, yana ikki nafariga joyida yordam ko‘rsatilgan.
Sumada esa Rossiyaning fuqarolik infratuzilmasiga dronlar bilan hujumi sodir bo‘lgan. 8 ta Shahed zarba droni ishtirok etgan. Suma viloyati hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, bir korxonaning ma’muriy va ombor binolari, avtomobillar va boshqa texnikalar zararlangan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, odamlar orasida jarohatlanganlar yo‘q.
LiveBarchasi