Rossiya, Xitoy va Eron Ummon ko‘rfazida harbiy-dengiz mashqlarini boshladi
Olam
−
13 mart
5725Rossiya, Xitoy va Eron Harbiy-dengiz kuchlari kemalari Ummon ko‘rfazida “Dengiz xavfsizligi kamari-2024” xalqaro harbiy-dengiz mashqlari topshiriqlarini bajarishga kirishdi. Bu haqda kecha, 12 mart kuni Rossiya Mudofaa vazirligi ma’lum qildi.
“Varyag” gvardiyasi raketa kreyseri va “marshal Shaposhnikov” fregatidan iborat Tinch okean flotining harbiy kemalari otryadi Eron va Xitoy Harbiy-dengiz kuchlari kemalari bilan “Dengiz xavfsizligi kamari-2024” qo‘shma xalqaro dengiz mashqlarining amaliy vazifalarini bajarishga kirishdi”, deyiladi vazirlik bayonotida.
Xitoy davlat televideniyesi CCTV o‘quv mashg‘ulotlarining videotasvirlarini e’lon qildi. Unda Xitoyning “Urumchi” boshqariladigan raketa esminetsi va “Lini” fregati ishtirok etmoqda.
Eron Harbiy-dengiz kuchlari matbuot kotibi admiral Mustafo Tojiddiniy davlat televideniyesiga bergan bayonotida mashqlar 17 ming kvadrat kilometrlik dengiz hududida o‘tkazilayotganini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, “Dengiz xavfsizligi kamari 2024” mashg‘ulotlaridan savdo xavfsizligini ta’minlash, qaroqchilik va terrorizmga qarshi kurashish, gumanitar faoliyatni qo‘llab-quvvatlash va qutqaruv sohasida ma’lumot almashishni maqsad qilgan.
Mashg‘ulotlarda Rossiya, Eron va Xitoy Harbiy-dengiz kuchlarining jami 20 dan ortiq kemalari, ta’minot vositalari va jangovar katerlari ishtirok etmoqda. Dengiz vertolyotlaridan ham keng foydalanilmoqda. Mashg‘ulotlar davomida harbiy kemalar qo‘shma manyovrlar qiladi. Xususan, ular suv usti va havo nishonlarini o‘qqa tutadi, shuningdek, qaroqchilar tomonidan qo‘lga olingan kemani ozod qilish elementlarini mashq qiladi.
“Dengiz xavfsizligi kamari-2024” xalqaro dengiz mashqlari oltinchi bor o‘tkazilmoqda. U birinchi marta Arab dengizida 2018 yilda o‘tkazilgan. Mashg‘ulotlarda Rossiya, Eron va Xitoy Harbiy-dengiz kuchlarining kemalari doimiy ravishda ishtirok etmoqda.
Mashg‘ulotlarda ilk bor Pokiston, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Ummon, Hindiston va Janubiy Afrika Harbiy-dengiz kuchlari vakillari kuzatuvchi sifatida qatnashmoqda. Mashg‘ulotlar 15 martga qadar davom etadi.
Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yili Xitoy Janubiy dengiz floti tarkibida faoliyat yurituvchi “Nanning” esminetsi bilan, Rossiya gipertovushli raketa tashuvchi “Admiral Gorshkov” fregati bilan va Eron “Jamaran” yengil fregati bilan “Dengiz xavfsizligi kamari-2023” deb nomlangan mashg‘ulotlarda qatnashgan edi.
Ma’lum qilinishicha, mashg‘ulotlar davomida uch mamlakat Harbiy-dengiz kuchlari terrorizm va qaroqchilikka qarshi kurash mashqlarini o‘tkazgan va ulardan biri o‘g‘irlab ketilgan savdo kemasida tashkil etilgan qutqaruv operatsiyasi ssenariysi asosida tashkil etilgan.
LiveBarchasi