Rossiya Xarkovdagi yo‘lovchi poyezdiga zarba berdi
Olam
−
16:55 727 2 daqiqa
Bugun, 18 sentyabr kuni Rossiya kuchlari Xarkov viloyatida yo‘lovchi poyezdiga hujum qildi. Hodisa oqibatida 1 kishi halok bo‘lib, 7 kishi jarohatlandi. Bu haqda “Ukrinform” xabar berdi.
“Dushman Xarkov viloyatidagi shahar atrofi yo‘nalishida qatnovchi poyezdga zarba berdi. Xavf “Ukrzaliznitsa”ning monitoring guruhi tomonidan aniqlangan, shundan so‘ng yo‘lovchilar evakuatsiya qilingan”, deyiladi Ukraina temir yo‘llari kompaniyasi bayonotida.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, evakuatsiya vaqtida poyezddan xavfsiz masofaga uzoqlashmagan 2 nafar yo‘lovchi og‘ir jarohat olgan. Hodisa joyiga qutqaruvchilar va tibbiyot xodimlari yo‘l olgan. Tush paytiga kelib, 1 kishi halok bo‘lgani va 6 kishi jarohat olgani xabar qilingan.
“Bir nechta vagon, jumladan birinchi va ikkinchi vagonlar yonmoqda. Zarba oqibatlarini bartaraf etish ishlari hodisa joyida olib borilmoqda. Jamoa ma’muriyati elektr poyezd yo‘lovchilarini Nova Vodolagaga olib borish uchun hodisa joyiga ikki avtobus yubormoqda. Rossiyaning elektr poyezdga bergan zarbasi oqibatida 1 kishi halok bo‘ldi, 6 kishi jarohatlandi”, deya yozgan “Suspilne” nashri Nova Vodolaga jamoasi rahbari Aleksandr Yesinin so‘zlariga tayanib.
Xarkov viloyati harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubovning ma’lum qilishicha, halok bo‘lgan shaxs 40 yoshli erkak bo‘lgan.
“7 kishi jarohat oldi va ularga tibbiy yordam ko‘rsatilmoqda”, degan Sinegubov.
Uning so‘zlariga ko‘ra, poyezdga dron orqali zarba berilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiyaning uchuvchisiz uchish apparatlari Ukraina-Polsha chegarasi yaqinidagi poyezdga zarba bergandi. Hujum Buyuk Britaniya va Shvetsiyaning sobiq bosh vazirlari Boris Jonson va Karl Bildt, shuningdek, Yevropa Ittifoqining bir necha davlatlaridan kelgan xavfsizlik bo‘yicha maslahatchilarni olib ketayotgan diplomatik poyezd stansiyani tark etganidan bir necha daqiqa o‘tib sodir bo‘lgan edi.
Live
Barchasi