Rossiya Xarkovdagi shaharga zarba berdi. Qurbonlar bor

Olam

image

Rossiya harbiylari bugun, 4 may kuni ertalab Ukrainaning Xarkov viloyatidagi Merefa shahriga hujum qildi. Bu haqda viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Oleg Sinegubov ma’lum qildi.

“Ushbu o‘qqa tutish oqibatida besh kishi halok bo‘ldi: 50 va 63 yoshli erkaklar hamda 74, 41 va 52 yoshli ayollar”, deydi Sinegubov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, yana 18 nafar mahalliy aholi jabrlangan: to‘rt kishi og‘ir ahvolda, 12 kishi o‘rtacha og‘irlikdagi portlash jarohatlarini olgan, qolganlarda esa o‘tkir stress kuzatilgan. Sinegubovning qo‘shimcha qilishicha, odamlar tibbiy yordam so‘rab shifoxonalarga murojaat qilishda davom etmoqda.

Xarkov viloyati prokuraturasi ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya harbiylari Merefaga soat taxminan 09:35 da “Iskander” ballistik raketasi bilan zarba bergan. Bu ma’lumotni Z-blogerlar ham tasdiqlagan.

Sinegubovning bildirishicha, zarba oqibatida 10 ta turarjoy binosi, kafe, to‘rtta do‘kon, ma’muriy bino, avtoservis va ikkita avtomobil shikastlangan. Odamlar o‘limiga sabab bo‘lgan harbiy jinoyat sodir etilgani fakti bo‘yicha sudgacha bo‘lgan tergov harakatlari boshlangan (Ukraina Jaynoyat kodeksining 438-moddasi 2-qismi).

Eslatib o‘tamiz, joriy yil 25 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina shaharlariga 666 ta dron va raketalardan iborat keng ko‘lamli zarba bergan edi. Hodisa oqibatida jami 5 kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohatlangan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina Xar'kov

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing