Rossiya Ukrainaga yuzlab dron va raketalar bilan hujum qildi

Olam

image

Bugun, 25 aprelga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Ukraina shaharlariga 666 ta dron va raketalardan iborat keng ko‘lamli zarba berdi. Bu haqda Ukraina Qurolli kuchlari xabar berdi. 

Qayd etilishicha, 619 ta uchuvchisiz uchish apparati va 47 ta raketadan mos ravishda 580 ta va 30 ta nishon urib tushirilgan. Hujumlar Dnepropetrovsk, Xarkov, Chernigov, Sumi, Odessa va Kiyev viloyatlarida kuzatilgan. 

Mamlakat Ichki ishlar vaziri Igor Klimenkoning bildirishicha, jami besh kishi halok bo‘lgan, 30 dan ortiq kishi jarohatlangan. Eng ko‘p talafot Dnepr shahriga yetgan bo‘lib, u yerda to‘rt qavatli uyning bir qismi qulab tushgan. Viloyat harbiy ma’muriyati rahbari Aleksandr Ganjaning ma’lumotlariga ko‘ra, 10 soatdan ortiq davom etgan hujumlar oqibatida shaharda to‘rt kishi halok bo‘lgan, yana 27 kishi, jumladan ikki bola jarohatlangan. 

Bugun, 25 aprel kuni kunduzi amalga oshirilgan takroriy hujumdan so‘ng yana bir turarjoy binosi shikastlangan va yetti kishi jabrlangan. Favqulodda vaziyatlar davlat xizmati xabariga ko‘ra, Dneprda korxonalar va sanoat infratuzilmasi ob’ekti ham shikastlangan. Vayronalarni tozalash ishlari davom etmoqda. Bundan tashqari, tungi hujumlar oqibatida Chernigov viloyatining Nejin, Gorodnyanskiy va Snovskiy tumanlarida yana ikki kishi halok bo‘ldi va yetti kishi yaralangan.

Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning hujumlari tun bo‘yi davom etganini, Odessa va Xarkov viloyatlarida ham jabrlanganlar borligini ta’kidlagan. 

“Rossiyaliklarning taktikasi o‘zgarishsiz: zarba beruvchi dronlar, qanotli raketalar va katta miqdordagi ballistika. Nishonlarning aksariyati shaharlardagi oddiy infratuzilma. Turarjoy binolari, energetika va korxonalar shikastlangan”, deb yozdi u.

Shuningdek, bugun ertalab Ukraina dronlari urush boshlanganidan beri ilk bor Yekaterinburgga zarba bergan. Taxminlarga ko‘ra, “Vektor” mudofaa zavodi tomon uchayotgan dronlardan biri shahar markazidagi osmono‘par binoga borib urilgan. Olti kishi jarohatlangan. Shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlari dronlari Chelyabinsk viloyatidagi ob’ektlarga – dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, mahalliy harbiy aviatsiya bilim yurti va metallurgiya zavodiga hujum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya va Ukraina bir oy ichida ikkinchi bor asirlar almashinuvini amalga oshirgandi. Natijada Rossiya tomoni 193 nafar harbiy xizmatchini qaytargan, shuncha miqdordagi asir Ukraina tomoniga topshirilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina raketa dron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing