Rossiya qo‘shinlari Kiyev va Odessaga kamikadze dronlari bilan hujum qildi
Olam
−
04 may 2023
15407Bugun, 4 mayga o‘tar kechasi Rossiya qo‘shinlari Eronning “Shahed-136/131” uchuvchisiz samolyotlari bilan Ukrainaga hujum qildi. Bu haqda Ukraina harbiy-havo kuchlariga tayanib, “Novaya gazeta Yevropa” xabar berdi.
Ukraina harbiylarining ma’lumotlariga ko‘ra, jami 24 ta dron uchirilgan, ulardan 18 tasi yo‘q qilingan. Dronlar Bryansk viloyatidan va Azov dengizidan uchirilgan.
Odessa viloyati harbiy ma’muriyati vakili Sergey Bratchuk esa viloyatga 15 ta “Shahed” yetib kelgani, ulardan 12 tasi yo‘q qilingani, uchtasi ta’lim muassasalaridan birining yotoqxonasiga tushib qolganini ma’lum qilgan.
Shuningdek, Kiyev shahar harbiy boshqarmasida ham dronlarning hujumi haqida xabar berilgan. Unga ko‘ra, Kiyevga Eronning kamikadze dronlari va “ballistik tipdagi raketalar” hujum qilgan. Ularning soni hali aniqlanmagan.
Bundan tashqari, Ukrainaning ko‘plab hududlarida, xususan, Sumi, Zaporoje, Odessa viloyatlarida havo hujumi haqida ogohlantirish signali va portlashlar ovozlari eshitilgan. Poytaxtda signal 3,5 soatdan ortiq davom etdi.
Eslatib o‘tamiz, kecha, 3 may kuni Kreml Ukrainaning ikki uchuvchisiz samolyoti Kremlda Prezident ma’muriyatiga hujum qilishga uringanini ma’lum qilgandi. Bmroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy voqeaga aloqadorligi haqidagi ayblovlarni rad etdi.
LiveBarchasi