Rossiya qulagan samolyot uchun Ozarbayjonga badal to‘ladi

Olam

image

2024 yilning dekabrida Qozog‘istonda Ozarbayjon havo yo‘llarining (AZAL) Embraer 190 samolyoti halokatga uchragani uchun Rossiyaning “AlfaStraxovaniye” sug‘urta kompaniyasi AZAL’ga samolyotning to‘liq sug‘urta qiymati – 1 milliard 3 million rubl (taxminan 12,34 million dollar) to‘lab berdi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi xabar berdi.

Vazirlikning iddao qilishicha, AZAL’dan tashqari jabrlangan va halok bo‘lganlar uchun ham tovon pullari to‘lab berilgan. Bortda bo‘lgan 62 yo‘lovchidan 46 nafarining da’volari to‘liq qondirilgan: ular orasida Rossiyaning 7 fuqarosi, Ozarbayjonning 35 fuqarosi, Qirg‘izistonning 3 fuqarosi va Qozog‘istonning 1 fuqarosi bor.

Bugungi kunga qadar jabrlanganlar va halok bo‘lganlarning qarindoshlariga jami 358,4 million rubl (taxminan 4,4 million dollar) to‘lab berilgan. Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, to‘liq kelishuv uchun kompensatsiya miqdorlari bo‘yicha ishlar davom etmoqda.

Embraer samolyoti 2024 yilning 25 dekabr kuni Baku–Grozniy reysini amalga oshirayotib, Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchragan edi. Fojia oqibatida 38 kishi halok bo‘lgan, 29 kishi tirik qolgan. 
Ozarbayjon tomoni samolyot Rossiya Havo mudofaasi kuchlari tomonidan urib tushirilganini da’vo qilgan. Bu voqea Moskva va Baku munosabatlarida keskin nuqtaga olib keldi. Prezident Ilhom Aliyev aybdorlarni jazolash va halok bo‘lganlarning oilalariga, shuningdek, AZAL’ga ham tovon to‘lanishini talab qilgan edi.

OAVda Rossiya Tashqi ishlar vazirligining ushbu bayonoti turlicha talqin qilinmoqda. Masalan, Turkiyaning “Anadolu” nashri samolyot Rossiya tomonidan nishonga olingani uchun ham zararlar to‘lab berilganini yozadi. Hozircha, holat yuzasidan yakuniy va aniq xulosalar mavjud emas. Samolyotning qanday halokatga uchragani haqidagi oxirgi xulosalar joriy yilning dekabr so‘ngigacha e’lon qilinishi kutilmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AZAL voqeasidan keyin haligacha Rossiya bilan yaqinlashishni xohlamayotgan Aliyev “Al Arabiya” nashriga bergan intervyusida mamlakati Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidlagandi.


Maqola muallifi

Teglar

Qozog'iston Ozarbayjon AZAL Embraer 190

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing