“Biz ko‘z yummaymiz”. Aliyev Rossiyani yana qoraladi
Olam
−
27 avgust 2025 9368 3 daqiqa
Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev mamlakati Rossiya bilan munosabatlarning yomonlashuvi uchun mas’ul emasligi va hech qachon tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga chidamasligini ta’kidladi. Bu haqda u “Al Arabiya” nashriga bergan intervyusida aytib o‘tdi.
Aliyevning so‘zlariga ko‘ra, Ikkinchi Qorabog‘ urushining oxirgi kunida – 2020 yil 9 noyabrda Ozarbayjon tasodifan chegaraga yaqin hududda bo‘lishi kerak bo‘lmagan Rossiya vertolyotini urib tushirgan.
“O‘sha kuni darhol Rossiya Prezidentiga qo‘ng‘iroq qilib uzr so‘radim. Halok bo‘lgan uchuvchilar oilalariga va Mudofaa vazirligiga darhol tovon to‘ladik, tergov o‘tkazildi va xatoga yo‘l qo‘yganlar javobgarlikka tortildi. Rossiyadan esa bunday munosabatni ko‘rmadik”, degan Aliyev.
Uning qayd etishicha, Ozarbayjonning bunday xatti-harakati Rossiya tomonidan ham o‘xshash yondashuvni kutishga asos bergan, biroq keyingi voqealar kutilmagan bo‘lgan. Prezident Rossiya tomoni Ozarbayjon havo yo‘llarining AZAL kompaniyasiga qarashli yo‘lovchi samolyoti urib tushirilgach, vaziyat keskinlashganini aytgan.
“Ular hanuzgacha nima bo‘lganini ochiqlashmadi. Bu, albatta, ikki tomonlama munosabatlarimizdagi juda jiddiy vaziyat. Biz buni istamagan edik. Xalqimizning ham hafsalasi pir bo‘ldi, jahlimiz chiqdi, xafa bo‘ldik. Biz tergov yakunlanishini kutdik, lekin buning o‘rniga Rossiyada ozarbayjonliklarga qarshi asossiz hujumlar boshlandi. Ikki kishi qiynoqqa solinib o‘ldirildi, keyin esa ular yurak xurujidan vafot etdi, degan rasmiy bayonot tarqatildi”, degan Aliyev.
Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, hatto ular 20 yil oldin jinoyat sodir etgan bo‘lsalar ham, bunday munosabat aslo oqlanmaydi.
“Ular orasida Ozarbayjon fuqarolari ham, Ozarbayjon millatiga mansub Rossiya fuqarolari ham bor edi. Bu bizning xalqimizga qarshi mislsiz hujum edi. Munosabatlarning yomonlashuvi uchun biz javobgar emasmiz. Biz konstruktiv va qonuniy yo‘l tutamiz, lekin hech qachon bizga nisbatan tajovuz yoki hurmatsizlik belgilariga ko‘z yumamiz, deb o‘ylashmasin”, deya qo‘shimcha qilgan Ozarbayjon Prezidenti.
Ma’lumot uchun, 2024 yilning 25 dekabr kuni Baku–Grozniy yo‘nalishida uchayotgan Embraer-190 samolyoti Qozog‘istonning Aqtau shahri yaqinida halokatga uchradi. Bortda 5 nafar ekipaj a’zosi va 62 yo‘lovchi bo‘lgan, ulardan 38 kishi halok bo‘lgan. Qozog‘iston Transport vazirligining dastlabki hisobotida samolyot ikkita zarbadan keyin balandlikni yo‘qota boshlagani qayd etilgan. Aliyev bu voqeada tashqi ta’sir bo‘lganini bildirgan edi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya va Ozarbayjon o‘rtasidagi munosabatlar iyun oxirida Yekaterinburgda bir guruh ozarbayjonliklarning hibsga olinishi ortidan keskinlashdi. Ular 2001, 2010 va 2011 yillarda sodir etilgan ikki qotillik va bir suiqasdga urinish bo‘yicha tergov doirasida qo‘lga olingan.
Shuningdek, ikki gumonlanuvchi tergov jarayonida vafot etgan. Rossiya Tergov qo‘mitasi ulardan biri yurak yetishmovchiligidan vafot etganini bildirgan. Ozarbayjon esa jasadlarda zo‘ravonlik izlari borligini bildirgan va qasddan odam o‘ldirish, qiynoq qo‘llash va mansab vakolatini suiiste’mol qilish moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atgan.
Baku shahrida “Sputnik Ozarbayjon” axborot agentligi xodimlari ham hibsga olindi. Ularning bir qismi keyinroq qo‘yib yuborildi, biroq ijrochi direktor Igor Kartavix va bosh muharrir Yevgeniy Belousov firibgarlik, noqonuniy tadbirkorlik va pul yuvishda ayblanib, qamoqqa olingan. Agentlik faoliyati to‘xtatilgan. Shuningdek, yana bir guruh Rossiya fuqarolari giyohvand moddalar savdosi va kiberjinoyatlarga aloqadorlikda gumonlanib hibsga olingan. Dastlab ularga Rossiya vakillari bilan uchrashuvga ruxsat berilmagan, keyinchalik Baku bunga ijozat bergan.
Live
Barchasi