Rossiya Qrim ko‘prigi uchun o‘ch olyapti
Olam
−
19 iyul 2023
28614Rossiya armiyasi Odessaga raketa hujumini boshladi. Bu haqda “Lenta.ru” xabar berdi.
Reyd bir soatdan ortiq davom etgani aytilmoqda. Unga Rossiya Aerokosmik kuchlari va dengiz floti aviatsiyasi jalb qilingan. Ukraina infratuzilmasiga X-22 raketalari, “Kalibr” qanotli raketalari va kamikadze dronlari bilan zarba berilgan.
Harbiy muxbirlarning ta’kidlashicha, Odessa bilan chegaradosh Ilichevskdagi yoqilg‘i saqlash omboriga zarba berilgan. Shuningdek, portda yong‘in chiqqan. Keyingi nishonlardan biri Odessadagi neft ombori bo‘lgan, hozir u yer olov ichida qolgan.
“Biz Rossiya bilan birgamiz” harakati raisi Vladimir Rogovning aytishicha, Dnepropetrovsk, Nikolayev va Xarkov viloyatlarida portlashlar va Ukraina Qurolli kuchlarining havo hujumidan mudofaa tizimlarining ovozi eshitilgan. Shuningdek, Ukraina nazorati ostidagi Zaporojega ham zarba berilgan.
Aytish joizki, Ukraina port infratuzilmasiga ikki kundan beri ketma-ket hujumlar uyushtirilmoqda. 18 iyulga o‘tar kechasi Rossiya Qurolli kuchlari uchuvchisiz katerlar yordamida Ukrainadagi ob’ektlarga zarba bergan. Aniqlik kiritilishicha, zarbalar yuqori aniqlikdagi dengiz qurollari yordamida amalga oshirilgan. Bundan tashqari, Nikolayev va Odessa hududidagi yoqilg‘i omborlari vayron qilingan – ularning umumiy hajmi taxminan 70 ming tonnani tashkil etadi. Mudofaa vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, vayronaga aylangan ob’ektlar Ukraina Qurolli kuchlarining harbiy texnikasini yoqilg‘i bilan ta’minlar edi.
“Hujum qilish rejalashtirilgan barcha nishonlar mo‘ljalga olindi. Vayron bo‘lgan ob’ektlarda yong‘in va portlashlar sodir bo‘lgan”, deyiladi Rossiya Mudofaa vazirligi xabarida.
Eslatib o‘tamiz, 17 iyulga o‘tar kechasi Qrim ko‘prigida portlash ro‘y bergandi. Shundan so‘ng Kreml javob choralari tayyorlanayotganini e’lon qildi. Kecha, 18 iyul kuni Ukraina infratuzilmasiga berilgan zarbadan so‘ng Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov bu Qrim ko‘prigiga qilingan hujum uchun javob ekanligini tasdiqladi.
LiveBarchasi