Rossiya Qozog‘istonga qochayotgan ruslarni safarbar qilishning yo‘lini topdi
Olam
−
29 Sentabr 2022
51777Saratov viloyatidagi Rossiya-Qozog‘iston chegarasidagi Ozinki chegara punktida harbiy komissarlikning mobil nazorat punkti ish boshlaydi. Bu yerda harbiy yoshdagi fuqarolarga qisman safarbarlik doirasida chaqiruv qog‘ozlari topshirilmoqda. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.
“Ozinki chegara postida harbiy komissarlikning mobil stansiyasi ish boshladi. Hududdagi chaqiruv yoshidagi fuqarolarga harbiy ro‘yxatga olish hujjatlarini aniqlashtirish, shuningdek, fuqarolarga qisman safarbar etish tartibini tushuntirish uchun harbiy komissiya va ichki ishlar organlari tomonidan chaqiruv qog‘ozlari topshirilyapti”, deyiladi xabarda.
Qozog‘iston bilan chegaraning Astraxan viloyatidagi qismida ham mobil komissarliklarni tashkil etish rejalashtirilgan.
Qayd etish kerakki, Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilingach, ruslar ommaviy ravishda qo‘shni davlatlarga chiqib keta boshladi. Xususan, rus-qozoq chegarasida bir necha kilometrlik navbatlar paydo bo‘ldi.
Avvalroq navbatlar sabab rus-gruzin davlat chegarasida ham mobiy harbiy komissarlik ochilishi haqida xabar bergan edik.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.