Rossiya Qozog‘istondan ruslarni qaytarishni talab qilmoqchi emas
Olam
−
27 Sentabr 2022
5876Rossiya Federatsiyasi Mudofaa vazirligi qisman safarbarlik doirasida Qozog‘iston, Gruziya va boshqa davlatlarga qochgan Rossiya fuqarolarini majburiy qaytarish bo‘yicha murojaat qilmagan va buni amalga oshirishni rejalashtirmagan. Bu haqda vazirlik tarqatgan bayonotda so‘z boradi.
“Rossiya Mudofaa vazirligi qisman safarbarlik doirasida Qozog‘iston Respublikasi, Gruziya va boshqa mamlakatlar davlat organlariga u yerda bo‘lgan Rossiya fuqarolarining Rossiyaga majburiy qaytarilishi to‘g‘risida hech qanday murojaat yubormagan, ishlab chiqmagan va rejalashtirmayapti”, deydi vazirlik.
Avvalroq Qozog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vaziri Marat Axmetjanov Ostona harbiy safarbarlikdan qochib, mamlakatga kelgan Rossiya fuqarolarini qaytarib bermasligini aytgan edi.
“Biz Rossiya bilan huquqiy yordam ko‘rsatish, mahkumlarni almashish va jinoyatchilarni ekstraditsiya qilish bo‘yicha shartnomaviy aloqalarga egamiz. Bu yerda eng muhim tamoyil – bizning mamlakatimizda ham, Rossiya Federatsiyasida ham – jinoiy javobgarlikka tortiladigan harakat. Bundan tashqari, qidiruvga berilgan taqdirda, biz bu shaxslarni Rossiyaga ekstraditsiya qilish uchun aniqlab, ekstraditsiya qilishimizni bilasiz”, degan Marat Axmetjanov.
Vazir gap Rossiyaning safarbar qilingan fuqarolari haqida ketayotganini alohida urg‘ulagan.
Qozog‘iston tomoni bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 21 sentyabrda Rossiyada qisman harbiy safarbarlik e’lon qilingach 98 ming rossiyalik mamlakatga kirib kelgan.
Eslatib o‘tamiz, 21 sentyabr kuni Rossiyada safarbarlik boshlandi. Rossiya Prezidenti Vladimir Putinning so‘zlariga ko‘ra, rezervda bo‘lgan va tegishli harbiy mutaxassislik va jangovar tajribaga ega fuqarolar muddatli harbiy xizmatga chaqiriladi.
Hukumat portalida 35 yoshgacha bo‘lgan oddiy askar va serjantlar, 50 yoshgacha bo‘lgan kichik ofitserlar, 55 yoshgacha bo‘lgan katta ofitserlar birinchi navbatda safarbar qilinishi aytilgan. Safarbarlik ortidan rossiyaliklar ommaviy ravishda vatanini tashlab, xorijiy davlatlarga chiqib ketishni boshladi.
Shoyguning so‘zlariga ko‘ra, safarbarlik doirasida 300 ming kishini armiyaga olish rejalashtirilgan. Shuningdek, Rossiya oxirgi 10 yilda fuqarolikka qabul qilingan markaziy osiyoliklarni ham harbiy xizmatga jalb qilmoqchi ekani haqida xabar bergan edik.