Rossiya Qorabog‘da mag‘lub bo‘lgan Armanistonni tiklash uchun mablag‘ ajratdi

Olam

image

Rossiya hukumati Armanistonga Ozarbayjon bilan mojarodan keyingi tiklash ishlarida yordam berish uchun 3,2 million dollar ajratdi. Bu haqda Rossiyaning Respublikadagi elchixonasida ma’lum qilindi.

Ta’kidlanishicha, gap Birlashgan Millatlar Tashkiloti Taraqqiyot Dasturining (BMT TD) Tog‘li Qorabog‘dagi mojarodan keyin eng ko‘p zarar ko‘rgan Armaniston mintaqalariga yordam ko‘rsatish loyihasini moliyalashtirish haqida ketmoqda. Rossiya elchixonasi bu qaror to‘g‘risida Yerevanga rasman xabar berib ulgurgan. 

Diplomatik vakolatxonaning ta’kidlashicha, Rossiya muntazam ravishda BMT tuzilmalarining Armanistonni har tomonlama rivojlantirishga qaratilgan tashabbuslarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlaydi. 

Sog‘liqni saqlash, ta’lim, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish, Armaniston sanoatining raqobatbardoshligini oshirish, atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy ofatlarni boshqarish, energiya samaradorligini oshirish sohasidagi loyihalarni amalga oshirishda bunday yordamning umumiy miqdori 2010 yildan beri qariyb 70 million dollarni tashkil etgan. 

Avvalroq, Armaniston Bosh vaziri vazifasini bajaruvchi Nikol Pashinyan Armaniston Ozarbayjonning tajovuzkor siyosati fonida Rossiya bilan harbiy va strategik hamkorlikni jiddiy ravishda chuqurlashtirishi kerak degan edi. 

Ma’lumot o‘rnida, Armanistonda o‘tgan yilning noyabr oyida boshlangan siyosiy inqiroz fonida Bosh vazir va parlamentda vakili bo‘lgan partiyalar rahbarlari muddatidan oldin saylovlar o‘tkazishga kelishib oldi. Joriy yilning 10 may kuni bo‘lib o‘tgan maxsus yig‘ilishda deputatlar parlamentni tarqatib yuborishni qonuniy ravishda amalga oshirish uchun zarur rasmiyatchiliklarga rioya qildi. Shundan so‘ng, mamlakat Prezidenti Armen Sarkisyan muddatidan oldin saylovlar kunini joriy yilning 20 iyuniga belgiladi. Pashinyan va uning hukumati a’zolari saylovgacha vazifa bajaruvchi lavozimida ishlab kelmoqda. Uning “Fuqarolik shartnomasi” partiyasi boshqa kuchlar bilan bloklar tuzishdan bosh tortgan va saylovlarda mustaqil qatnashmoqda.  

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, Pashinyanning saylovdagi asosiy raqiblaridan biri Armanistonning sobiq Prezidenti Robert Kocharyan bo‘ladi. U “Dashnaksutyun” va “Qayta jonlanayotgan Armaniston” partiyalari rahbarlari Ishxan Sagatelyan va Vage Akopyan bilan birgalikda “Armaniston” blokini yaratgan.  

Saylovda Armaniston Milliy xavfsizlik xizmatining sobiq rahbari Artur Vanetsyanning “Rodina” partiyasi bilan blok tuzgan eks-prezident Serj Sargsyanning Respublikachilar partiyasi ham ishtirok etadi. Shuningdek, parlament muxolifati — “Obod Armaniston” va “Porloq Armaniston” partiyalari ham saylovlarda hech qanday bloklarga qo‘shilmasdan qatnashishlarini e’lon qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Armaniston

Baholaganlar

30

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing