Rossiya gazini O‘zbekistonga oktyabrdan yetkazib berishga kelishildi
Jamiyat
−
19 iyun 2023
8952Peterburg Xalqaro iqtisodiy forumi doirasida Rossiya gazini O‘zbekistonga yetkazib berish bo‘yicha shartnoma hamda respublika gaz-transport tizimini ushbu gazni qabul qilishga tayyorlash bo‘yicha “yo‘l xaritasi” imzolandi. Bu haqda O‘zbekiston Energetika vazirligi ma’lum qildi.
Aytilishicha, gaz oldi-sotdisi bo‘yicha shartnoma “UzGastrade” AJ va “Gazprom eksport” MCHJ o‘rtasida 2 yil muddatga tuzilgan bo‘lib, uni ishonchnoma asosida O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri J.Mirzamahmudov va “Gazprom” OAJ boshqaruvi raisi A.Miller imzolagan.
Bildirilishicha, shartnoma to‘liq tijoriy shartlarda ishlab chiqilgan. Shartnoma doirasida joriy yilning 1 oktyabridan kuniga 9 million kubometr tabiiy gazni import qilish boshlanishi mo‘ljallanmoqda. Yillik hajm esa qariyb 2 milliard 800 million kubometrni tashkil etadi.
Imzolangan “yo‘l xaritasi”ga muvofiq, avval tabiiy gaz “O‘rta Osiyo – Markaz” magistral gaz quvuri orqali Qozog‘istondan tranzit bilan Rossiyaga yuborilganligi va endilikda gazning revers rejimida (teskari oqimda) O‘zbekistonga yetkazilishini, shuningdek, O‘zbekiston hududida yangi gaz o‘lchash stansiyasi qurilishini hisobga olgan holda belgilangan tadbirlarni joriy yilning sentyabr oyiga qadar yakunlash rejalashtirilgan.
Jumladan, “yo‘l xaritasi” doirasida respublika gaz-transport tizimidagi 3 ta gaz haydash uskunasi yangilariga almashtirilishi va 11 ta turli rusumdagi gaz haydash uskunasida mukammal ta’mirlash hamda tiklash ishlari bajarilishi belgilangan. 22 kilometrlik yangi magistral gaz quvurlari qurilishi va 56 kilometrlik gaz quvurlari ta’mirlanishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, QazaqGaz va “Gazprom” o‘rtasida ham Rossiya tabiiy gazini O‘zbekiston iste’molchilariga tashish bo‘yicha kelishuv imzolangan. Qozog‘iston vakillari Rossiya tomoni bilan gaz yetkazib berish, qayta ishlash va tashish sohasida yaqin hamkorlikni ham muhokama qilgan. Shu bilan birga forum davomida Qozog‘iston va Rossiya Energetika vazirlari yiliga 10 million tonnalik Rossiya neftini tranzit qilish bo‘yicha hukumatlararo kelishuvlarni 2033 yil oxirigacha uzaytirgan.
Bundan tashqari, “Inter RAO” OAJ bilan uchrashuvda tomonlar elektr energiyasi yetkazib berish va ko‘mir elektr stansiyalarini modernizatsiya qilish bo‘yicha hamkorlik imkoniyatlarini muhokama qilgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq ham “Gazprom” 2023 yilning to‘rtinchi choragida Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga gaz yetkazib berishni boshlashi aytilgandi. Joriy yilning 24 yanvarda O‘zbekiston Respublikasi Energetika vaziri Jo‘rabek Mirzamahmudov va Rossiyaning “Gazprom” kompaniyasi raxbari Aleksey Miller o‘rtasida ishchi uchrashuv bo‘lib o‘tib, tomonlar o‘rtasida “yo‘l xaritasi” imzolangan edi. 9 fevral kuni “Gazprom” rahbari Aleksey Miller hamda O‘zbekiston va Qozog‘iston Energetika vazirlari Jo‘rabek Mirzamahmudov va Bolat Aqchulakov muzokaralar o‘tkazdi. Unda Rossiya gazini Qozog‘iston orqali O‘zbekistonga yetkazib berishni tashkil etish bo‘yicha uch tomonlama ishchi guruhining dastlabki texnik baholari muhokama qilindi. Tahlilchilar esa 6 mlrd kub metr gaz olish O‘zbekistonga o‘z ehtiyojlarini qondirish imkonini berishi, biroq bu Xitoyga gaz eksporti bo‘yicha shartnomani to‘liq bajarish uchun yetarli bo‘lmasligini bildirdi.