Xamir uchidan patir. Rossiya O‘zbekistonga gaz berishni boshlayapti
Jamiyat
−
07 Oktabr 2023
9331Bugun, 7 oktyabr kuni O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali Rossiya gazi tranzit qilinadi. Ushbu marosimda davlat rahbarlari Vladimir Putin, Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart To‘qayev ishtirok etadi.
RF davlat rahbari loyihaning ahamiyatiga bir kun avval – rasmiy tashrif bilan Rossiyada bo‘lgan Mirziyoyev bilan muzokaralardan so‘ng, aytib o‘tgan edi. Putinning ta’kidlashicha, Rossiyada ishlab chiqarilgan gaz ilgari hech qachon Rossiya Federatsiyasidan Markaziy Osiyoga yuborilmagan.
Shuningdek, Putin “Valday” xalqaro muhokama klubi yig‘ilishida bu masalaga to‘xtalib o‘tar ekan, shunday dedi:
“Oz miqdorda bo‘lsa ham bu Qozog‘iston va O‘zbekiston iqtisodiyoti uchun juda muhim. Keyinchalik gaz yetkazib berish hajmini oshirishimiz mumkin”.
Vladimir Putin, shuningdek, gaz yetkazib berish yo‘nalishiga ham aniqlik kiritdi. Yoqilg‘i Rossiyadan O‘zbekistonga Qozog‘iston orqali tranzit qilinadi. Shu bilan birga, uning bir qismi Qozog‘istonga yetkazib beriladi. Rossiya yetakchisining fikricha, bu butun mintaqaning energiya xavfsizligini mustahkamlashga qaratilgan o‘zaro manfaatli loyihadir.
Bu tranzitga Qozog‘iston tomoni o‘z munosabatini bildirar ekan, jumladan, mamlakat Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘lishini ta’kidlagan edi.
“Qozog‘iston uchun bu tranzit qo‘shimcha daromad olish bilan bog‘liq. Gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Siz bilasizki, gazni ichki bozorga yetkazib berish QazaqGaz uchun foydasiz, shuning uchun ham tranzitdan olinadigan qo‘shimcha daromad QazaqGaz’ga yukni kamaytiradi va ta’mirlash dasturi, investitsiya dasturini amalga oshirish uchun nisbatan barqaror daromad bilan ta’minlaydi”, deya tushuntirgan edi Qozog‘iston Energetika vaziri Almasadam Satkaliyev .
LiveBarchasi