Rossiya FIFA va UEFA’ni sudga beradi

Sport

image

Rossiya futbol ittifoqi (RFI) FIFA va UEFA ustidan Lozannadagi Sport arbitaj sudiga shikoyat qilmoqchi. Bu haqda RFI bayonotida so‘z borgan.

RFIga ko‘ra, FIFA va UEFA Rossiya erkaklar va ayollar terma jamoasining barcha musobaqalardagi ishtirokini qayta tiklashi zarur.

“Rossiya futbol ittifoqi FIFA va UEFA tomonidan Rossiya terma jamoalarini xalqaro musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirish qarori ustidan Lozannadagi Sport arbitraj sudiga murojaat qiladi. Ikki tashkilotga qarshi yagona da’vo doirasida RFI Rossiyaning barcha erkaklar va ayollar terma jamoalarini ular ishtirok etgan turnirlarda (shu jumladan Qatardagi Jahon chempionati saralash bosqichida) qayta tiklanishini talab qiladi. Rossiya jamoalarining keyingi rejalashtirilgan o‘yinlarda ishtirok etish imkoniyatini ta’minlash uchun RFI ishni ko‘rib chiqishning tezlashtirilgan tartibini talab qiladi. Agar FIFA va UEFA arizani tezlashtirilgan tartibda ko‘rib chiqishga rozi bo‘lmasa, FIFA va UEFA qarorlarining kuchga kirishini to‘xtatib qo‘yish so‘raladi. Shuningdek, Rossiya jamoalari ishtirok etishi kerak bo‘lgan musobaqalarni to‘xtatib turish ko‘rinishidagi vaqtinchalik choralarni joriy etish talabi qo‘yiladi”, deyilgan Rossiya futbol ittifoqi bayonotida.

Shunigdek bayonotda aytilishicha, FIFA hamda UEFA Rossiya terma jamoalarning musobaqalarda ishtirok etish huquqini buzgan

“RFI FIFA va UEFA’ning Rossiya jamoalarini chetlashtirish to‘g‘risida qaror qabul qilishda qonuniy asoslarga tayanmagan. Bu RFIning FIFA va UEFA a’zosi sifatidagi asosiy huquqlarini poymol qildi. Jumladan, RFIning musobaqalarda qatnashish huquqini buzdi. Bundan tashqari, milliy terma jamoani JCH-2022 saralash bosqichidan chiqarib tashlash qarori pley-off bosqichidagi raqiblarning bosimi ostida qabul qilingan. Bu sport tamoyili va halol o‘yin qoidalarining buzilishiga olib keldi. Shuningdek, Rossiya futbol ittifoqiga  o‘z pozitsiyasini taqdim etish imkoniyati berilmadi. Bu asosiy himoya huquqining buzilganligini anglatadi”, deyilgan RFI bayonotida.

Rossiya sportiga kiritilgan cheklovlar 

Rus qo‘shinlari Ukrainaga kirgach, Xalqaro dzyudo federatsiyasi (XDF) Rossiya Prezidenti Vladimir Putinni tashkilot faxriy prezidenti va elchisi maqomidan mahrum qildi. 

Polsha, Chexiya va Shvetsiya futbol terma jamoasi Jahon chempionatiga saralash doirasida Rossiya bilan o‘yinga borishdan bosh tortdi.

Yevropa futbol uyushmalari ittifoqi (UEFA) 2022 yilgi Yevropa Chempionlar ligasi finali Sankt-Peterburg shahridan Parijga ko‘chirilganini ma’lum qildi.

FIFA  hamda UEFA Rossiya terma jamoalari va klublarini barcha futbol musobaqalaridan chiqarib tashladi.

Xalqaro basketbol federatsiyasi rossiyalik basketbolchilar va rasmiy shaxslarni tashkilot shafeligidagi barcha musobaqalarda ishtirok etishdan chetlashtirdi.

Dunyodagi eng yirik sport kiyimlari kompaniyasi “Adidas” Rossiya futbol jamoalari bilan hamkorlikni to‘xtatganini ma’lum qildi. Shuningdek, Germaniyaning "Shalke 04" klubi va UEFA'ning o‘zi ham Rossiyaning "Gazprom" transmilliy kompaniyasi bilan hamkorlikni to‘xtatdi.

Xalqaro Paralimpiya qo‘mitasi (IPC) rossiyalik va belaruslik atletlarni Pekin-2022 Paralimpiya o‘yinlaridan chetlatdi.

 

Ma’ruf Abdumalikov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Baholaganlar

260

Reyting

2.9

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing