Rossiya Farg‘onadan barcha o‘simlik mahsulotlarini olib kirishni taqiqladi

Olam

image

Rossiyaning Veterinar va fitosanitar nazorat federal xizmati (Rosselxoznadzor) O‘zbekistondan kelgan quritilgan o‘rik partiyasida xapra qo‘ng‘izi aniqlangani sababli, Farg‘ona viloyatidan barcha turdagi o‘simlik mahsulotlarini olib kirishni taqiqladi. Bu haqda Rosselxoznadzor xabar berdi.

Bugun, 7 dekabr kuni Rosselxoznadzor O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi bilan videokonferensiya shaklida muzokara o‘tkazgan.

Tomonlar Rosselxoznadzor tomonidan karantinli fitosanitariya nazorati vaqtida O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan keltirilgan quritilgan o‘rikda (1 tonna) xapra qo‘ng‘izi aniqlanganini muhokama qilgan. 2 ta zararkuranda 1 kg mahsulot ichidan topilgan. U lichinka holatida bo‘lgan.

“Xapra qo‘ng‘izi zaharli zararkuranda. Uning mamlakat hududida tarqalishi o‘simliklar xosiliga, shu jumladan donga, jiddiy zarar yetkazishi mumkin. Bu esa Rossiyaning eksport qobiliyatiga ta’sir o‘tkazishi mumkin”, deyiladi Rosselxoznadzor xabarida.

Shu munosabat bilan Rosselxoznadzor O‘zbekistonning Farg‘ona viloyatidan barcha karantinga olinadigan mahsulotlarni olib kirishni taqiqlashga majbur, deyilgan xabarda.

Qayd etilishicha, O‘zbekistonning vakolatli idorasi karantin ob’ekti topilgan, mahsulotlar saqlanadigan omborlarni tekshirish protokollarini yuboradi.

Bundan tashqari, tomonlar ikki mamlakat tadqiqotchilari o‘rtasida o‘simlik mahsulotlarida xapra qo‘ng‘izini aniqlash usullarini muhokama qilish va uni aniqlashning eng samarali usullari to‘g‘risida pozitsiyani ishlab chiqish bo‘yicha muzokaralarni tashkil etishga kelishib oldilar.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Vazirlar Mahkamasi huzuridagi O‘simliklar karantini davlat inspeksiyasi Rosselxoznadzor rasmiylari bilan muzokara o‘tkazilgani va mamlakat hududiga quritilgan o‘rik mahsuloti olib kirilishiga taqiq qo‘yilmasligi haqida xabar bergandi.


Maqola muallifi

Teglar

O'zbekiston-Rossiya

Baholaganlar

611

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing