Rossiya Eronga “sahna ortida” jiddiy yordam bermoqda – CNN

Olam

image

Rossiya Eronga AQSH harbiy kuchlarining joylashuvi va harakati haqida razvedka ma’lumotlari uzatmoqda. Bu Moskva Eronga qarshi urush fonida bilvosita ishtirok etayotganini ko‘rsatuvchi ilk ma’lumotlardan biri hisoblanadi. Bu haqda CNN xabar berdi.

Qayd etilishicha, berilgan ma’lumotlarning katta qismi Rossiyaning sun’iy yo‘ldoshlari orqali olingan tasvirlardan iborat. Ularda AQSH qo‘shinlari, kemalari va harbiy samolyotlarining joylashuvi aks etgan.

Hozircha Eron tomonidan amalga oshirilgan aniq bir hujum Rossiya razvedkasi ma’lumotlari bilan bevosita bog‘liq ekani tasdiqlanmagan. Biroq so‘nggi kunlarda Tehron dronlari Pentagon harbiylari joylashgan bir nechta hududlarga zarba bergan. Masalan, Kuvaytdagi harbiy ob’ektga qilingan dron hujumida olti nafar amerikalik askar halok bo‘lgan.

Ayrim razvedka manbalari bu holat Rossiya va Eron o‘rtasidagi yaqin hamkorlik davom etayotganini ko‘rsatishini ta’kidlamoqda. Shu bilan birga, AQSH razvedkasi Xitoy ham Eronga moliyaviy yordam, ehtiyot qismlar va raketa komponentlari berish imkoniyatini ko‘rib chiqayotgani haqida ma’lumotlarga ega. Biroq Pekin hozircha urushga to‘g‘ridan to‘g‘ri aralashmagan.

XXR pozitsiyasi nisbatan ehtiyotkor. Pekin Eron neftiga bog‘liq bo‘lgani sabab urush tezroq tugashidan manfaatdor. Pentagon ma’lumotiga ko‘ra, Eronga qarshi AQSH harbiy amaliyotida 50 mingdan ortiq harbiy xizmatchi, 200 dan ziyod jangchi samolyot va ikki aviatashuvchi ishtirok etmoqda. Vashingtonning asosiy maqsadi Tehronning ballistik raketa imkoniyatlarini yo‘q qilishdan iborat ekani iddao qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya Prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov Yaqin Sharqdagi keskinlik ortib borayotgan bir vaqtda, Kreml Erondan yordam ko‘rsatish, jumladan, qurol-yarog‘ yetkazib berish bo‘yicha hech qanday murojaat olmaganini aytgan edi.
 


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya Eron

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing