Rossiya elchixonasi o‘zbekistonliklar urushga jo‘natilishi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi
Olam
−
03 Oktabr 2022
47493Avvalroq ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonning Rossiyadagi fuqarolari majburiy tarzda harbiy xizmatga chaqirilishi haqidagi xabar tarqalgandi. Bunga Rossiya Ichki ishlar vaziri imzosi bilan tasdiqlangan buyruq suratlari sabab bo‘lgandi.
Rossiyaning O‘zbekistondagi elchixonasi mazkur xabarlarga munosabat bildirib, uni “feyk” deb atadi.
“Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining soxta buyrug‘iga tayanib, Rossiyada vaqtincha bo‘lib turgan O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston fuqarolari qisman safarbar qilinishi, agar shartnoma tuzishdan bosh tortsa, go‘yoki ularning ishlashga ruxsatnomalari bekor qilinishi va deportatsiya qilinishi haqidagi noto‘g‘ri xabarlar tarqatilmoqda.
Rossiya Federatsiyasi hududida bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolarini turli da’vatlarga ergashmaslikka, faqat rasmiy ma’lumotlarga e’tibor qaratishga chaqiramiz”, deyiladi diplomatik missiya xabarida.
Qayd etish kerakki, surati tarqalgan hujjatda migrantlarni harbiy xizmatga jalb qilish, ular buni rad etsa, ularning ishlash ruxsatnomasini bekor qilib, mamlakatdan chiqarib yuborish haqida so‘z borgan.