Rossiya Dumasi KXDR bilan harbiy hamkorlik shartnomasini ratifikatsiya qildi
Olam
−
24 Oktabr
3058Rossiya Davlat Dumasi mamlakat Prezidenti Vladimir Putin va Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen In o‘rtasida joriy yilning iyun oyida Pxenyanda imzolangan ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik hamkorlik shartnomasini bir ovozdan ratifikatsiya qildi. Bu haqda Duma saytida e’lon qilindi.
Qayd etilishicha, hujjat de-fakto harbiy ittifoqni anglatadi. Xususan, ushbu kelishuvning 4-moddasida agar tomonlardan biri bir yoki bir nechta davlatning qurolli hujumi tufayli urush holatiga tushib qolsa, ikkinchisi zudlik bilan unga mavjud barcha vositalari bilan harbiy yordam ko‘rsatishi belgilangan.
KXDR yetakchisi Kim Chen In ushbu shartnomani faqat tinch va mudofaa xarakteriga ega ekanini ta’kidlagan va bir vaqtning o‘zida Rossiyaning Ukraina bilan olib borayotgan urushini to‘liq qo‘llab-quvvatlashini bildirgan. Putin esa unga bu masalada izchilligi uchun minnatdorlik bildirib, AQSH va uning “yo‘ldoshlari”ning imperialistik siyosatiga qarshi kurashga sodiqligini qayd etgan.
Ma’lum bo‘lishicha, shartnoma jami 23 moddadan iborat. Ular orasida kosmik va yadroviy sohalar, savdo, iqtisodiyot va investitsiyalar bo‘yicha hamkorlikni kengaytirish ham nazarda tutilgan.
Shartnoma cheksiz muddatga amal qiladi. Rossiyaning shunga o‘xshash shartnomasi ilgari faqat Mo‘g‘uliston bilan mavjud bo‘lgan.
Qayd etish joiz, Janubiy Koreya milliy razvedka xizmati avvalroq Shimoliy Koreya ilk harbiy guruhni tayyorgarlikdan o‘tish uchun Vladivostokka yuborganini xabar qilgan edi. Shuningdek, Pxenyan jami 12 ming kishilik to‘rtta brigadani Ukrainaga qarshi urushda ishtirok etish uchun Rossiyaga taqdim etishni rejalashtirayotgani aytilgandi. Bundan tashqari, maxsus bo‘linmalar hamda Rossiyaning Su-25 va MiG-29 samolyotlarini boshqaradigan uchuvchilar ham frontga yuborilishi mumkin. NATO ittifoqchilar Shimoliy Koreya qo‘shinlarining Rossiyaga o‘tkazilishi haqidagi ma’lumotlarni tasdiqladi. Biroq 21 oktyabr kuni Nyu-Yorkda BMT Bosh assambleyasi ishchi guruhi yig‘ilishida Shimoliy Koreyaning doimiy vakili Kim Song uning mamlakati o‘z askarlarini Ukrainaga qarshi urushda qatnashish uchun Rossiyaga jo‘natgani haqidagi xabarlarni rad etib, bunday ma’lumotni “asossiz mish-mishlar” deb atagandi.
Eslatib o‘tamiz, Vladimir Putin hujjatni ratifikatsiya qilish uchun 14 oktyabr kuni Davlat Dumasiga kiritgan edi.