Rossiya droni Ukrainadagi Estoniya elchisining uyiga borib urildi
Olam
−
09 noyabr
4340Rossiyaning joriy yilning 7 noyabr kuni Kiyevga uyushtirgan hujumi davomida Estoniyaning Ukrainadagi elchisi Anneli Kolk yashaydigan uyga dron borib urildi. Bu haqda Estoniya Tashqi ishlar vaziri Margus Saxkna o‘zining X sahifasida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ertalab sodir bo‘lgan hujum paytida dron uyning yuqori qavatiga kelib urilgan. Hodisa oqibatida hech kim, Kolkning o‘zi ham jarohat olmagan.
“Rossiya o‘z bosqinini to‘xtatmas ekan, Ukrainadagi hech kim xavfsizlikda emas. Ukrainaga o‘z fuqarolarini himoya qilish uchun ko‘proq havo hujumidan mudofaa vositalari kerak. Biz bunga ko‘nikib qolmasligimiz lozim”, degan Margus Saxkna.
Bo‘lib o‘tgan voqealar fonida Saxkna G‘arb hamkorlarini Kiyevga havo hujumidan mudofaa tizimlarini yanada ko‘proq ta’minlashga chaqirdi. Estoniya Bosh vaziri Kristen Mixal ham xuddi shunday iltimos bilan chiqqan.
Shu kuni Rossiya Ukraina hududiga 106 ta uchuvchisiz uchish apparatlarini uchirgan bo‘lib, ukrainalik harbiylar 74 ta dronni urib tushirishga muvaffaq bo‘lgan, yana 25 ta qurilma mamlakatning turli hududlarida ko‘zdan yo‘qolgan. Kiyev shahri hukumatining ma’lum qilishicha, urib tushirilgan dronlarning qoldiqlari to‘rtta tumanga qulashi oqibatida yong‘in yuz bergan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya armiyasi Odessa shahri va viloyatiga uchuvchisiz samolyotlar bilan yirik hujum uyushtirgandi. Viloyat harbiy boshqarmasi boshlig‘i Oleg Kiper hujum oqibatida bir kishi halok bo‘lgani, yana to‘qqiz kishi jarohatlanganini ma’lum qilgandi. Hujum oqibatida zarar ko‘rgan ta’lim muassasasi Odessadagi eng qadimgi maktablardan biri bo‘lgan 125-litseydir.
LiveBarchasi