Rossiya Buyuk Britaniyaga qarshi sanksiyalarni kengaytirdi 

Olam

image

Rossiya Buyuk Britaniyaga qarshi javob sanksiyalarini kengaytirdi. Bu haqda bugun, 27 sentyabr kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.

Rossiyaning “qora ro‘yxati”ga 23 kishi, jumladan Britaniya harbiy-siyosiy tuzilmasi, jurnalistlar korpusi va ilmiy hamjamiyat vakillari kiritildi. 

“Rossiya Federatsiyasiga kirishi taqiqlangan Britaniya fuqarolari ro‘yxatiga Britaniya hududida Ukraina qurolli kuchlari jangchilarini tayyorlashni nazorat qiluvchi Britaniya Qurolli Kuchlari mudofaa shtabi boshlig‘i E.Radakin, Londonning Ukraina yo‘nalishidagi strategiyasini shakllantirishda ishtirok etgan Buyuk Britaniya hukumati huzuridagi Qo‘shma razvedka qo‘mitasi raisi M.Alessandri, shuningdek, Britaniyaning BAE Systems mudofaa kompaniyasi direktorlar kengashi raisi K. Xogg kiritildi”, deyiladi xabarda. 

Bildirilishicha, Britaniya tomonining Rossiyaga nisbatan sanksiyalar bosimini oshirishga urinishiga Moskva muqarrar ravishda keskin javob qaytaradi.

“Londonning dushmanlik harakatlariga javoban Rossiya “stop-list”ni kengaytirishda davom etadi”, deya xulosa qilgan TIV.

Ma’lumot uchun, Rossiyaning Ukrainada bosqini boshlanganidan keyin AQSH, Buyuk Britaniya, Kanada va boshqa davlatlar Rossiyaga qarshi sanksiyalar joriy qila boshlagan. Xususan, London oxirgi marta sanksiyalar ro‘yxatini joriy yilning 7 sentyabrida kengaytirgan. O‘shanda 11 kishi “qora ro‘yxat”ga qo‘shilgan. Buyuk Britaniya G‘aznachiligi ma’lumotlariga ko‘ra, ularning barchasi COVID-19 pandemiyasi davridagi muhim infratuzilma va shifoxonalarga qilingan buzg‘unchiliklar ortidagi Rossiya kiberjinoyatchilar guruhining a’zolari bo‘lgan. Ayni paytda Buyuk Britaniyaning sanksiyalar ro‘yxatidan Rossiya Madaniyat vaziri Olga Lyubimova, Ta’lim vaziri Sergey Kravsov, jurnalist Anton Krasovskiy va boshqalar joy olgan.

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiyning Kanadaga tashrifi arafasida Ottava Rossiyaga qarshi yangi sanksiyalarini e’lon qilgandi. “Qora ro‘yxat”ga rossiyalik 42 nafar jismoniy va 21 ta yuridik shaxs kiritilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Buyuk Britaniya sanktsiya

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing