Rossiya bug‘doy yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqdi – Putin

Olam

image

Rossiya qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi davlatga aylandi, uning daromadi 43,5 milliard dollarni tashkil etdi. Bu haqda Rossiya Prezidenti Vladimir Putin fermerlar bilan uchrashuvda ma’lum qildi. 

Uning aytishicha, Rossiya tarixida bunday natijalar hech qachon kuzatilmagan. Mamlakat qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini eksport qilish bo‘yicha dunyoda to‘rtinchi, bug‘doy yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘ringa chiqqan.

“Tashqi bozorga mahsulot sotishdan tushgan daromad 43,5 milliard dollarni tashkil etdi. Mamlakatimiz go‘sht yetishtirish bo‘yicha dunyoda birinchi o‘rinda turadi, bu ham agrotexnika ishlari bilan bog‘liq, ozuqa zarur. Bunday natijalar mamlakatimiz agrosanoat majmuasida bo‘lmagan”, deydi mamlakat rahbari.

Putin Rossiyada 2022 yilda 157 million tonna, 2023 yilda esa 147 million tonna g‘alla yig‘im-terimining rekord darajada bo‘lganini qayd etdi.

Ma’lumot uchun, 2023 yilning 17 iyul kuni Ukrainaning uchta portidan (Chernomorsk, Odessa va Yujniy) g‘alla eksporti uchun yo‘lak yaratish hamda Rossiyaga oziq-ovqat va o‘g‘itlarni eksport qilish yo‘lidagi to‘siqlarni bartaraf etishni nazarda tutuvchi Qora dengiz tashabbusi tugatilgandi. Rossiya tomoni qashshoq davlatlar uchun tashkil etilgan don kelishuvi doirasidagi oldi-sotdi jarayonlarining 81 foizi yuqori va o‘rtadan yuqori daromadli mamlakatlarga to‘g‘ri kelishini, bularning barchasi Birlashgan Millatlar Tashkiloti shafeligida amalga oshirilayotganini bildirgandi. 

Rossiya Prezidenti Vladimir Putin g‘alla bitimi bo‘yicha barcha shartlar bajarilmaguncha, mamlakat tashabbusdagi ishtirokini to‘xtatib qo‘yishini aytdi. G‘arb davlatlari Rossiyani kelishuvga qaytishga chaqirdi, hatto, Turkiya Prezidenti Sochiga borib Putin bilan gaplashib qaytdi. Biroq buning foydasi bo‘lmadi – don bitimi tiklanmadi.

Putin esa Afrikaning oltita davlatiga don yetkazib berishini aytgan. Uning ta’kidlashicha, G‘arb davlatlari Rossiyaning don bitimi bo‘yicha talablarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilishda davom etmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, oldinroq Rossiya Qishloq xo‘jaligi vaziri Dmitriy Patrushev Prezident Vladimir Putin bilan uchrashuvda Afrikaning olti davlatiga 200 ming tonna bug‘doy gumanitar yordam sifatida yetkazib berilganini ma’lum qilgandi. Vazirning aniqlik kiritishicha, Mali, Burkina-Faso, Zimbabve va Eritreyaga 25 ming tonnadan, Somali va Markaziy Afrika Respublikasiga 50 ming tonnadan don yetkazib berilgan.

Sarvar Xurramov


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya Vladimir Putin

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing