Rossiya bir kechada 50 dan ortiq dronni urib tushirganini ma’lum qildi
Olam
−
05 aprel
6901Bugun, 5 aprelga o‘tar kechasi Rossiyaning beshta hududida 53 ta dron yo‘q qilindi. Bu haqda Mudofaa vazirligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, uchuvchisiz samolyotlar Krasnodar o‘lkasi (6), Rostov (44), Saratov, Kursk va Belgorod viloyatlari osmonida urib tushirilgan. Hujum natijasida elektr podstansiyasi shikastlangan. Belgorod va Kursk viloyatlarida tunda raketa xavfi e’lon qilingan. Shuningdek, Kursk shahar markaziy bozorida hamda viloyat bolalar va yoshlar ijodiyotini rivojlantirish markazida yong‘in boshlangani aytilmoqda. Jabrlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
Saratov viloyati gubernatori Roman Busargin Engels shahrida dronlar yo‘q qilinganini ma’lum qildi. Shahar yaqinida Rossiya Aerokosmik kuchlarining "Engels-2" aviabazasi joylashgan bo‘lib, unda uzoq masofali aviatsiya samolyotlari joylashgan.
Ma’lumot uchun, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘z videomurojaatlaridan birida mamlakatda dron ishlab chiqarishni ko‘paytirish zarurligini aytgan.
"Urush talab qiladigan narsani harbiy-sanoat kompleksimiz ishlab chiqarishi kerak. Shubhasiz, bu urushda dronlar g‘alaba uchun hal qiluvchi so‘zlardan birini aytadi va bu Ukraina so‘zi bo‘lishi kerak. Ukraina dronlari – Ukraina g‘alabasi”, degandi Ukraina rahbari.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukraina harbiylari Rossiyaning “Forpost” hujum va razvedkachi uchuvchisiz samolyotini yo‘q qilgani haqida ma’lum qilgandik.
Madina Otaboyeva
LiveBarchasi