Rossiya bilan muzokaralar bo‘ladi, ammo ultimatumlarsiz – Kuleba
Olam
−
17 iyun
8051Ukraina Tashqi ishlar vaziri Dmitriy Kulebaning aytishicha, Ukraina Rossiya bilan muloqotga kirishishi kerak, lekin Kreml tomonidan qo‘yilgan ultimatumlar tilida emas. Bu haqda “Ukrainskaya pravda” nashri xabar berdi.
“Biz Rossiya bilan gaplashishimiz kerak bo‘ladigan vaqt kelishini ham yaxshi tushunamiz. Lekin bizning pozitsiyamiz aniq: biz Rossiyaga hozirgidek ultimatum tilida gapirishga yo‘l qo‘ymaymiz”, deydi Tashqi ishlar vaziri.
Uning ta’kidlashicha, Putinning so‘nggi ultimatumi sammitda hech qanday qiziqish uyg‘otmagan. Kulebaning nazdida Putinning taklifi shunchaki sammit arafasida o‘ziga xos PR to‘lqinini yaratish uchun ishlab chiqilgan.
Tashqi ishlar vaziri, shuningdek, Tinchlik sammitidagi qo‘shma deklaratsiya ustida ish yakunlanganini aytdi. Kelajakda unga boshqa davlatlar qo‘shilishi uchun ushbu hujjat doim ochiq bo‘ladi.
Avvalroq Putin go‘yoki “tinchlik muzokaralariga tayyor”ligini aytgan, biroq buning uchun Ukraina ruslar tomonidan bosib olingan va Kreml Rossiya Federatsiyasi hududi deb hisoblagan barcha hududlardan o‘z qo‘shinlarini olib chiqish shartini qo‘ygan.
Ukraina Prezidenti Devoni rahbari maslahatchisi Mixail Podolyak Kreml rahbarining 14 iyun kuni bildirgan “tinchlik takliflari”ni “standart tajovuzlar to‘plami” deb nomlagan bo‘lsa, Prezident Vladimir Zelenskiy ushbu “takliflar”ni Kreml rahbari Vladimir Putinning urushni o‘z shartlariga ko‘ra tugatish haqidagi ultimatumi deb atadi.
Eslatib o‘tamiz, Rossiya Prezidenti Vladimir Putin 14 iyun kuni Rossiya Tashqi ishlar vazirligi rahbariyati bilan uchrashuvda Ukrainaga bosqinni to‘xtatish shartini aytib o‘tgandi.
LiveBarchasi