Prezident Shavkat Mirziyoyev Gruziyaga boradi
Jamiyat
−
01 iyul 1825 1 daqiqa
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidzening taklifiga binoan 2-3 iyul kunlari davlat tashrifi bilan ushbu mamlakatda bo‘ladi. Bu haqda Prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lum qilinishicha, Tbilisi shahrida Gruziya Prezidenti Mixail Kavelashvili hamda Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze bilan muzokaralar o‘tkazilishi ko‘zda tutilgan. Muzokaralar kun tartibidan O‘zbekiston – Gruziya do‘stlik va ko‘p qirrali hamkorlik munosabatlarini yanada rivojlantirish masalalari o‘rin olgan.
Siyosiy muloqotni mustahkamlash, parlamentlararo va hududlararo aloqalarni rivojlantirish, savdo-iqtisodiy hamkorlikni kengaytirish hamda madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirishning amaliy jihatlari atroflicha muhokama qilinadi.
Qayd etilishicha, tomonlar sanoat, farmatsevtika, kimyo, qishloq xo‘jaligi, turizm, energetika va axborot texnologiyalari sohalarida kooperatsiya loyihalarini ilgari surishga alohida e’tibor qaratadilar.
Shu bilan birga, transport-logistika sohasida hamkorlik qilish hamda mahsulotlar eksporti geografiyasini kengaytirish uchun qo‘shimcha imkoniyatlar yaratish masalalari diqqat markazida bo‘ladi. Yetakchilar xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb mavzular yuzasidan ham fikr almashadilar.
Sammit yakunlari bo‘yicha hamkorlikning turli yo‘nalishlarini qamrab oladigan ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini imzolash rejalashtirilgan.
Live
Barchasi