Rossiya benzin va aviakerosin eksportini to‘liq taqiqladi
Olam
−
30 iyun 2271 2 daqiqa
Rossiyada benzin va aviatsiya kerosini eksportiga vaqtinchalik to‘liq taqiq joriy etildi. Bu haqda mamlakat Prezidenti Vladimir Putin hukumat a’zolari va yirik energetika kompaniyalari rahbarlari bilan o‘tkazilgan yig‘ilishda ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu cheklov ichki bozorni barqarorlashtirish hamda fuqarolar, korxonalar va ijtimoiy ahamiyatga molik tashkilotlarga yonilg‘ini uzluksiz yetkazib berishni ta’minlash maqsadida qabul qilingan.
Hukumat xuddi shunday taqiqni dizel yonilg‘isi eksportiga ham joriy etish imkoniyatini ko‘rib chiqmoqda.
Vladimir Putin Rossiya neftni qayta ishlash zavodlari maksimal quvvatda ishlayotganini, rejali ta’mirlash ishlarining bir qismi esa kechiroq muddatga ko‘chirilganini qayd etgan. Prognozlarga ko‘ra, allaqachon iyul oyida asosiy yonilg‘i turlarini ishlab chiqarish iyun ko‘rsatkichlaridan yuqori bo‘ladi.
Prezident, shuningdek, Rossiyada benzin zaxiralari taxminan 1,7 million tonnani tashkil etayotganini – bu deyarli o‘tgan yilgi darajada ekanini ma’lum qilgan. Shunga qaramay, ayrim hududlarda yonilg‘i quyish shoxobchalarida navbatlar va ayrim markadagi yonilg‘ilar ta’minotida uzilishlar saqlanib qolmoqda. Vaziyatni nazorat qilish uchun hukumat tun-u kun ishlaydigan maxsus shtab tuzgan.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov hukumat bir qator davlatlar bilan neft mahsulotlari ishlab chiqarish va import qilish bo‘yicha muzokaralar olib borayotganini ma’lum qilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, agar maqbul narxlarda yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishilsa, bu bozorni barqarorlashtirish va ortiqcha talabni kamaytirish uchun qo‘shimcha chora bo‘lishi mumkin.
Shu bilan birga, u aynan qaysi davlatlar potensial yetkazib beruvchi sifatida ko‘rilayotganiga aniqlik kiritmagan.
Dmitriy Peskov yonilg‘i bozoridagi vaziyat doimiy nazoratda ekanini ham qayd etgan: sohaviy yig‘ilishlar har kuni o‘tkazilmoqda, vitse-premer Aleksandr Novak boshchiligidagi hukumat ishchi guruhi esa ushbu masala bilan kundalik rejimda shug‘ullanmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Rossiya ichki bozordagi yonilg‘i taqchilligi sababli Qozog‘iston bilan taxminan 50 ming tonna hajmdagi AI-92 avtobenzinini import qilish imkoniyati bo‘yicha muzokaralar olib borayotgani haqida xabar berilgan edi.
Live
Barchasi