Rossiya Baku va Yerevanni yarashtirish uchun o‘z takliflarini taqdim etdi

Olam

image

Moskva Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasini tuzish bo‘yicha Baku va Yerevanga keng qamrovli takliflar kiritgan. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi matbuot kotibi Mariya Zaxarova bugun, 6 oktyabr kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qildi. 

“Bizning keng qamrovli takliflarimiz Baku va Yerevanga yuborilgan, avval xabar berganimizdek, Rossiya tashqi ishlar vazirining maxsus vakili Igor Xovayev ushbu mavzu bo‘yicha maslahatlashuvlar uchun mintaqaga bir qator safarlar uyushtirgan”, deydi u. 

Shu bilan birga, Zaxarova tinchlik bo‘yicha muzokaralar tafsilotlariga izoh berishni o‘rinsiz deb atadi, Moskva natijalarga e’tibor qaratganini ta’kidladi.  

“Biz qandaydir maxsus targ‘ibot faoliyati bilan shug‘ullanmaymiz, uning ostida hech narsa yo‘q, aksincha harakat qilamiz. Biz nimaga erishganimiz haqida gapiramiz. Tinchlik shartnomasi mavzusining yuqori sezgirligini inobatga olgan holda, davom etayotgan muzokaralar tafsilotlarini izohlash noo‘rin, deb hisoblaymiz. Shunga qaramay, biz natijaga e’tibor qaratganmiz”, deydi u. 

Zaxarovaning so‘zlariga ko‘ra, G‘arbning Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasida tinchlik bitimini tuzish borasidagi yondashuvlari unchalik muvozanatli ko‘rinmaydi.  

“Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi tinchlik kelishuviga G‘arb yondashuvlariga kelsak, bizningcha, ular unchalik muvozanatli emasdek ko‘rinadi va ochig‘ini aytsam, ba’zi G‘arb vositachilarining roli haqida gapirishni ham istamayman, chunki ularni “tinchlik vositachisi” deb atash mumkin emas”, deydi u. 

Shu bilan birga, Moskvaning yondashuvi juda aniq.  

“Biz geosiyosat o‘yin, manyovr elementini ham nazarda tutishini tushunamiz, lekin biz vaziyatni xavfli izdan chiqarishga olib keladigan geosiyosiy intrigalarga qarshimiz. Biz aniq ijobiy natijalarga olib keladigan sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashga tayyormiz. Vaziyatning barqarorlashuvi ijobiy natija bo‘ldi va buning uchun biz vositachilik rolini o‘ynayapmiz, uch tomonlama bitimlarni ishlab chiqish va tuzish uchun hamma narsani qildik va eng muhimi, ularni amalga oshirishga intilamiz”, deydi tashqi siyosat bo‘yicha voiz.

Eslatib o‘tamiz, ayni vaqtda Ozarbayjon Prezidenti Ilhom Aliyev va Armaniston Bosh vaziri Nikol Pashinyan Chexiyaning Praga shahrida bo‘lib turibdi. Ular Yevropa kengashi raisi Sharl Mishel ishtirokida uch tomonlama muzokara o‘tkazadi. 

Baku va Yerevan o‘rtasidagi so‘nggi yirik keskinlik joriy yilning 13 sentyabriga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan edi. Armaniston Mudofaa vazirligi Ozarbayjon Qurolli kuchlari mamlakatning aholi punktlarini o‘qqa tutganini ma’lum qildi. Bakuning qayd etishicha, bu Yerevanning provokatsiyalariga javobdir. Keyinroq Ozarbayjon o‘t ochishni to‘xtatish bo‘yicha kelishuvlarga erishgani haqida xabar berdi.

To‘qnashuvlarda Ozarbayjon tomonidan 77 nafar, Armanistondan 105 nafar harbiy halok bo‘lgani aytildi.

Qorabog‘ urushi

1990-yillar boshida mintaqa qurolli mojaro bilan qamrab olingandi: Armaniston Ozarbayjonga qarshi agressiv harbiy harakatlarini boshladi, bu bilan Ozarbayjon hududlarini bosib olishga oid azaliy rejalarini amalga oshirishga kirishdi.  Mazkur rejaning markaziy qismi Qorabog‘ni Ozarbayjondan bir tomonlama ajratib olish va uni Armaniston tarkibiga qo‘shib olish bo‘lgan. Natijada Armaniston mazkur mintaqani, jumladan, Xo‘jali va Ozarbayjonning boshqa yettita tumanini ishg‘ol etdi. Ushbu agressiyaning oqibati sifatida urush 30 ming insonning boshiga yetdi. Bir millionga yaqin ozarbayjonliklar qochoqqa va majburiy ko‘chmanchiga aylandi, minglab odamlar dom-daraksiz yo‘qoldi.

Ozarbayjon va Armaniston 2020 yil aynan Qorabog‘ hududi masalasida o‘zaro hisob-kitob qilib oldi. Ikkinchi Qorabog‘ urushi yoki “Vatan muhorabasi” nomi bilan tarixga kirgan harbiy to‘qnashuvlar 2020 yilning 27 sentyabr kuni boshlanib, 44 kun davom etdi. 2020 yilning 9 noyabridan 10 noyabrga o‘tar kechasi “Tog‘li Qorabog‘da o‘t ochishni to‘xtatish haqida”gi bayonot imzolandi. Urush yakunlariga ko‘ra, Turkiya qo‘llovidagi Ozarbayjon g‘alaba qildi. Rossiyaning yordamiga umid qilgan Armaniston esa mag‘lubiyatga yuz tutdi. 

Harbiy salohiyati bo‘yicha dunyoda 11-o‘rinda turuvchi Turkiya Qorabog‘ urushida faol tarzda Ozarbayjonni ham ruhiy, ham siyosiy, ham harbiy jihatdan qo‘lladi. Aslida, Turkiya Birinchi Qorabog‘ urushidan beri Ozarbayjonni qo‘llab keladi. 2010 yilda ikki davlat harbiy hamkorlik borasida strategik sheriklikka erishgach, ushbu qo‘llov amaliy ko‘rinish kasb eta boshladi. Shundan so‘ng, Turkiya Ozarbayjon Qurolli Kuchlari uchun zobitlar tayyorlab, ushbu davlatga qurol eksport qilish bo‘yicha Rossiya va Isroildan so‘ng uchinchi o‘ringa chiqdi. Ayniqsa, o‘tgan 2020 yilda qurol eksporti 6 barobarga ortib ketdi. Tog‘li Qorabog‘dagi to‘qnashuvlar oldidan esa bu ikki davlat o‘zaro harbiy dala o‘quv mashg‘ulotlarini o‘tkazdi. Mashg‘ulotlar yakunida Turkiya Ozarbayjonda 2 ta F-16 qiruvchi samolyotini ham qoldirgani aytiladi. Turkiyada ishlab chiqarilgan “Bayraktar” uchuvchisiz harbiy apparatlarining ham Ozarbayjon g‘alabasini ta’minlashdagi o‘rni yuqori bo‘ldi.

44 kunlik urush yakunlariga ko‘ra, Ozarbayjon armiyasi mamlakatning 5 shahri, 4 ta posyolka va 286 ta qishlog‘ini arman bosqinchilaridan ozod qildi. Ozarbayjon Qurolli Kuchlarining 2, 9 mingdan ortiq harbiy xizmatchisi o‘z ona yurtlarini ozod qilish uchun kurashda halok bo‘ldi.


Maqola muallifi

Teglar

Ozarbayjon-Armaniston Mariya Zaxarova

Baholaganlar

13

Reyting

3.3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made