Oxirgi gapni biz aytamiz – Zaxarova
Tahlil
−
16 yanvar 9561 4 daqiqa
Yaqinda rossiyalik teleboshlovchi Solovyovning Markaziy Osiyo va Armonistonga bildirgan ochiqdan-ochiq keskin fikri yuzasidan Rossiya Tashqi ishlar vazirligi vakili Mariya Zaxarova munosabat bildirib, buni shunchaki uning shaxsiy fikri va savoli deb aytib, jamoatchilikni ortiqcha vahimaga berilmaslikka chaqirdi. Bu haqda Zaharova 15 yanvar kuni bo‘lib o‘tgan brifingda aytdi.
Zaxarovaning ta’kidlashicha, kremlparast propagandist Vladimir Solovyovning Rossiya Markaziy Osiyo va Armanistonga nisbatan “maxsus harbiy operatsiya” boshlashi mumkinligi haqidagi fikrlari Moskvaning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu gaplar bayonot emas, balki savol shaklida bildirilgan mulohaza bo‘lib, ayrim tahlilchilar tomonidan provokatsion tarzda talqin qilinmoqda. Zaxarova bunday manipulyatsiyalarga yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini ta’kidladi.
“Men iqtiboslarni o‘qib chiqdim, jurnalist bildirgan fikrlar uning shaxsiy fikri. Bu Moskvaning rasmiy pozitsiyasini aks ettirmaydi. Uning fikri aslida savol shaklida bayon qilingan. Bu bayonot emas, balki savoldir. Bundan tashqari, bu jumlalar tahlilchilar tomonidan provokatsion tarzda talqin qilinayotgani yaqqol ayon. Bunday manipulyatsiyalar bilan shug‘ullanishga shunchaki yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi”, deydi Zaxarova.
Shuningdek, Zaxarova Solovyovning chiqishlari davlat siyosatiga daxldor emasligini bildirib, rasmiy bayonotlar faqat vakolatli shaxslar tomonidan berilishini, “divanda o‘tirib gapiradigan tahlilchilar” esa Rossiyaning pozitsiyasini ifodalay olmasligini qayd etdi.
“Bu iboralar “divan” tahlilchilari tomonidan ochiqdan-ochiq provokatsion ko‘rinishda deyarli Rossiyaning rasmiy pozitsiyasi sifatida taqdim etilgan. Yana bir bor ta’kidlamoqchimanki, rasmiy nuqtai nazar vakolatli mansabdor shaxslar tomonidan bildiriladi”, degan Zaxarova.
Bundan tashqari, U Rossiyani Janubiy Kavkaz va Markaziy Osiyo xalqlari bilan tarixan yaxshi qo‘shnichilik, strategik sheriklik, ittifoqchilik, birodarlik va hamkorlik aloqalari bog‘lab turishini ta’kidladi.
“Gapga emas, ishga qarab baho berish kerak. Necha marta yordamga kelindi? Necha marta yordam va do‘stlik qo‘li cho‘zildi? Qayg‘uga sherik bo‘lganda, hamdardlik bildirganda necha marta eng samimiy hissiyotlar izhor qilindi? Quvonchni baham ko‘rganda, umumiy g‘alabalarni hamda postsovet hududidagi hamkasb va do‘stlarimizning yutuqlarini birga nishonlaganda necha bor samimiy tuyg‘ular namoyon etildi? Qanchadan-qancha murakkab, yechimi yo‘qdek tuyulgan vaziyatlardan birgalikda yo‘l qidirildi? Necha marta tushunmovchilik va anglashilmovchiliklar bartaraf etildi? Provakatorlar chaqirig‘i va provokatsiyalarga necha marta javob qaytarildi? Mana shu narsalarga qarash kerak. Har qanday holatda ham “qoqilib qolmaslik“ va ayniqsa, provokatsiyalarga chalg‘imaslik lozim. Afsuski, ular hali ko‘p bo‘ladi. Shuning uchun, keling, qandaydir soxta va yolg‘on ma’lumotlarga aldanmay, haqiqiy voqelikni ko‘raylik”, degan Mariya Zaxarova.
Qisqasini aytganda, Zaxarova bunday manipulyatsiyalarga aldanmasdan, haqiqiqy voqealarni ko‘rishga chaqirdi.
Ammo g‘isht qolipdan allaqachon ko‘chib bo‘lgan edi, ya’ni mazkur bayonotlar yangragunga qadar Solovyovning chiqishlari Armanistonda allaqachon keskin munosabat uyg‘otgan. Xususan, Armaniston Tashqi ishlar vazirligi Rossiya elchisi Sergey Kopirkinni chaqirtirib, unga norozilik notasini topshirgan edi. Armaniston buni “suverenitetga tajovuz” deb baholagan.
Biroq, Markaziy Osiyo mamlakatlarida tegishli idoralar hali bu vaziyat bo‘yicha bayonot bermadi, balki jamoatchilik vakillari va siyosatshunoslar fikrlari bilan cheklanildi. Xususan, O‘zbekistonda ham Solovyovning fikri jamoatchilik orasida kutilganidek norozilikka sabab bo‘ldi.
“Yuksalish” umummilliy harakati raisi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Bobur Bekmurodov Solovyovning chiqishlariga munosabat bildirib, uning gaplarini “safsata”, o‘zini esa “nusxa” deb atadi.
“Solovyovning gaplariga tupurdik, uning imperiyalistik ambitsiyalariga ham tupurdik. Biz unga so‘zma-so‘z tarjimada shunday ma’noni beradigan o‘zbekcha iborani o‘rganishni tavsiya qilamiz: borib, o‘z bulbuling bilan o‘yna”, deydi Bekmurodov.
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining o‘rinbosari, “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi raisi Alisher Qodirov esa o‘zining Telegram kanalida Solovyovning chiqishlarini “bepusht” deya baholab, buni uning chorasizligi va majruhlik darajasidan dalolat ekanini yozgan. Uning ta’kidlashicha, rus shovinistlarining bunday bayonotlari yangilik emas.
“O‘zbekistonda o‘zaro manfaatli va amaliy ruhdagi tashqi siyosat yuritish hamda barcha Hamdo‘st davlatlar bilan xalqaro huquqning e’tirof etilgan tamoyillari asosida hamkorlik qilish davlat siyosatining ustuni bo‘lib qolaveradi.
Rossiya OAVlarida tinmayotgan bayonotlar ikki davlat o‘rtasidagi keng qamrovli strategik sheriklik va ittifoqchilik darajasidagi munosabatlar ruhiga nafaqat zid, balki buzuvchi ta’sir ko‘rsatmoqda”.
Sobiq deputat Rasul Kusherboyev esa Bu yo‘l bilan Solovyov Markaziy Osiyo davlatlariga ochiqchasiga tahdidga o‘tayotganligini qayd etib, O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligini holat bo‘yicha keskin munosabat bildirishga chaqirdi. Biroq Vazirlik esa yana doimgidek mum tishladi.
Live
Barchasi