Rossiya ayrim migrantlarni mamlakatdan chiqarib yubormoqchi 

Olam

image

Rossiya Mehnat vazirligi mamlakatga uyushgan yollash yo‘li bilan borgan mehnat muhojirlari o‘z profili bo‘yicha ishlamasa, Rossiyani tark etishga majburlanishi mumkin bo‘lgan qonun loyihasini tayyorladi. Bu haqda vazirlik matbuot xizmatiga tayanib, “Izvestiya” xabar berdi.

Qonun loyihasida chet el fuqarosining Rossiyada vaqtinchalik mehnat qilish huquqini tasdiqlovchi maxsus hujjat yaratish ko‘zda tutilgan. Qayd etilishicha, tashkiliy ishga qabul qilish doirasida migrant muayyan ish beruvchida ishlaydi. Ishga qabul qiluvchi kompaniya hujjatlarga muvofiq oldindan to‘lovlarni amalga oshiradi.

Bildirilishicha, bu mehnat migrantining uni yollash xarajatlari, jumladan, aviachiptalar narxini o‘z zimmasiga olgan kompaniyada ishlashdan bosh tortish holatlarini bartaraf etadi. Agar xodim tashkiliy ishga qabul qilishda ishtirok etmaydigan boshqa kompaniyaga o‘tmoqchi bo‘lsa, u 15 kun ichida Rossiyani tark etishi kerak bo‘ladi.

Ta’kidlanishicha, mehnat muhojirlariga vizali yoki vizasiz mamlakatlardan kelishidan qat’i nazar, mazkur qoidalar qo‘llanilishi mumkin. Tashkiliy yollash orqali vizali mamlakatlardan chet elliklarni yollagan ish beruvchilar ularni ishga olish uchun ruxsat olishi shart emas.

Davlat Dumasining Mehnat va ijtimoiy siyosat qo‘mitasi tashabbusni qo‘llab-quvvatlashga tayyor ekanini ma’lum qildi. Qo‘mita rahbari Yaroslav Nilovning aytishicha, hozir Rossiyada migrantlarga mamlakatga vizasiz kirish va ishga joylashish imkonini beruvchi patent tizimi mavjud, biroq ko‘pchilik patentsiz ishlaydi.

Ma’lumot uchun, 2017 yilda Rossiya O‘zbekiston bilan mamlakat fuqarolarini vaqtinchalik mehnatga, jumladan, qurilish, qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalaridagi korxonalarga tashkiliy ravishda jalb qilish va yollash bo‘yicha shartnoma imzolagan. Xuddi shunday kelishuv Tojikiston bilan ham mavjud.

Federal xavfsizlik xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, 2023 yilning birinchi choragida Rossiyaga ishlash uchun 1,3 million xorijlik borgan, bu 2022 yilning shu davriga nisbatan 1,6 barobar ko‘pdir. Ular orasida O‘zbekistondan 630,8 ming, Tojikistondan 349,3 ming, Qirg‘izistondan 172,6 ming, Armanistondan 47,3 ming, Qozog‘istondan 34,7 ming kishi Rossiyaga mehnat migranti sifatida borgan.

Madina Otaboyeva


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya migrantlar

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing