Rossiya Asadni Suriyaga topshirishdan bosh tortdi – Ash-Shara
Olam
−
23 aprel
9345Rossiya hukumati rasmiy Damashqning hokimiyat almashganidan keyin mamlakatni tark etgan Suriya sobiq prezidenti Bashar Asadni ekstraditsiya qilish haqidagi iltimosini rad etdi. Bu haqda Suriya Arab Respublikasining o‘tish davridagi prezidenti Ahmad ash-Shara “The New York Times” nashriga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Uning so‘zlariga ko‘ra, joriy yilning yanvar oyida Suriyaning yangi hukumati vakillari Rossiya tomoni bilan muzokaralar olib borgan, muzokaralar chog‘ida Suriya Rossiyadan sobiq prezident Asadni rasman so‘ragan. Biroq Kreml Suriya sobiq rahbarini topshirishdan bosh tortgan.
Ahmad ash-Shara o‘nlab yillar davomida Rossiya Suriyaning asosiy hamkori bo‘lib qolgani – harbiy va texnik, jumladan, energetika sohasida yordam ko‘rsatganini eslatgan. Uning ta’kidlashicha, hokimiyat almashganiga qaramay, Damashq Moskva manfaatlarini hisobga olishi kerak, chunki kelajakda Suriya yana Rossiya yordamiga muhtoj bo‘lishi mumkin.
“Biz bu manfaatlarni inobatga olishimiz kerak”, degan ash-Shara yangi siyosiy sharoitlarda ham Rossiya bilan strategik sheriklik muhimligiga ishora qilib.
Uning qo‘shimcha qilishicha, mamlakat hukumati Asad davrida imzolangan boshqa davlatlar bilan harbiy mavjudlik to‘g‘risidagi bitimlarni bekor qilgan va “Suriyaning mustaqilligi, uning xavfsizligi, barqarorligi va har qanday mamlakatning mavjudligi Suriya hududi orqali boshqa mamlakatlarga tahdid yoki xavf tug‘dirmasligini” kafolatlaydigan yangi kelishuvlarni ishlab chiqishni boshlagan.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 29 yanvar kuni ham Suriya poytaxti Damashq shahrida Rossiya va Suriya vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvda Ahmad ash-Shara Rossiya vakillaridan Bashar Asadni topshirishni talab qilgandi.
LiveBarchasi