Rossiya armiyasiga yollangan 57 yoshli o‘zbekistonlik 3 yilga qamaldi

3-sahifa

image

Joriy yilning 28 yanvar kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudida Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari tarkibida xizmat qilib, Ukrainadagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan O‘zbekiston fuqarosiga nisbatan sud hukmi o‘qildi. QALAMPIR.UZ sud hujjati bilan tanishdi.

Hujjatda keltirilishicha, 57 yoshli erkak 2022 yil avgust oyida ishlash maqsadida Rossiyaga ketgan. Bir necha oy qurilish sohasida ishlaganiga qaramay, og‘ir mehnat sharoiti va daromadning kamligi uni qoniqtirmagan. Shundan so‘ng u katta maosh va Rossiya fuqaroligini olish umidida Rossiya Mudofaa vazirligi bilan 2023 yil iyun oyida bir yillik harbiy shartnoma imzolagan.

Shartnomaga muvofiq, ayblanuvchi Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlarining 02511-sonli harbiy qismiga o‘qchi sifatida qabul qilingan va oyiga 210 ming rubl (~33 mln so‘m) maosh olgan. 2023 yil iyun oyida u Ukrainaga yuborilib, Xarkov viloyatidagi jangovar harakatlarda ishtirok etgan. 2023 yil avgust oyida jang vaqtida oyog‘idan yaralanib, Rossiya harbiy gospitalida davolangan.

Shartnoma muddati tugagach, u Rossiyaga qaytib, jangovar xizmatlari uchun “Georgiy Jukov” ko‘krak nishoni bilan taqdirlangan. 2025 yil fevral oyida esa unga Rossiya fuqaroligi berilgan.

Biroq, 2025 yil kuzida O‘zbekistonga qaytganidan so‘ng huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan unga nisbatan tekshiruv o‘tkazilgan. Uning telefonida Rossiya armiyasida xizmat qilganini tasdiqlovchi hujjatlar, harbiy guvohnoma, raportlar va fotosuratlar aniqlangan.

Sud majlisida sudlanuvchi aybiga to‘liq iqror bo‘lib, qilgan ishidan pushaymon ekanini bildirgan. U bu qarorga og‘ir moddiy ahvoli, qarzlari va oilasini boqish zarurati sabab qo‘l urganini aytgan.

Sud uning aybiga iqrorligi, ilgari sudlanmagani va ijobiy tavsifnomalarini inobatga olib, jazoni yengillashtiruvchi holatlar mavjud deb topilgan. Sud Jinoyat kodeksining 57- moddasini (yengilroq jazo tayinlash) qo‘llab, unga 3 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinlagan. Jazo umumiy tartibli koloniyada o‘talishi belgilangan.

Shuningdek, sud ashyoviy dalil sifatida olingan telefon, medal va harbiy guvohnomani oila a’zolariga qaytarish, Rossiya fuqarolik pasportini esa qonuniy tartibda hal qilish uchun tegishli idoralarga yuborish haqida qaror chiqargan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainadagi urushdan qochishga uringan O‘zbekiston fuqarosiga Rossiyada 7 yil 9 oyga ozodlikdan mahrum qilingani haqida xabar berilgandi.


Maqola muallifi

Teglar

erkak Rossiya Federatsiyasi Qurolli kuchlari ozodlikdan mahrum qilish jazosi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing