Rossiya armiyasiga hindistonliklar ham yollangani ma’lum bo‘ldi
Olam
−
21 dekabr 5644 2 daqiqa
Hindiston Tashqi ishlar vaziri Kirti Vardxan Singx mamlakat parlamentiga taqdim etgan yozma javobida Rossiya Qurolli kuchlari safiga 202 nafar Hindiston fuqarosi yollanganini ma’lum qildi. Bu haqda “the Economic Times” xabar berdi.
Vazirning aytishicha, hukumatning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari natijasida 119 nafar fuqaro muddatidan oldin bo‘shatilgan. Rossiya tomoni bergan ma’lumotlarga ko‘ra, 26 kishi halok bo‘lgan, 7 nafar fuqaro bedarak yo‘qolgan. Hozirda yana 50 nafar hindistonlikni muddatidan oldin xizmatdan ozod etish bo‘yicha ishlar davom etmoqda.
Shuningdek, Tashqi ishlar vazirligi 10 nafar halok bo‘lgan fuqaroning jasadini Hindistonga qaytarish, ikki nafar fuqaroning jasadini krematsiya qilishda yordam ko‘rsatgan. Bundan tashqari, halok bo‘lgan yoki bedarak yo‘qolgan 18 nafar hindistonlikning oila a’zolaridan olingan DNK namunalari shaxsini aniqlash maqsadida Rossiya rasmiylariga topshirilgan.
Hindiston rasmiylari ta’kidlashicha, ayrim fuqarolar ish takliflari yoki Rossiya oliy o‘quv yurtlariga kirishda yordam berish va’dalari orqali aldov yo‘li bilan jangovar harakatlarga jalb etilgan. 2024 yil mart oyida Hindiston Markaziy tergov byurosi yoshlarni ijtimoiy tarmoqlar va mahalliy agentlar orqali yollagan tarmoq fosh etilganini ma’lum qilgan.
2024 yil iyul oyida Hindiston Bosh vaziri Narendra Modi Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda aldov yo‘li bilan xizmatga jalb etilgan hindistonliklarni muddatidan oldin bo‘shatish masalasini ko‘targan. Shundan so‘ng, Hindiston TIV 45 nafar fuqaro Rossiya armiyasidan bo‘shatilgani, 50 nafari hanuz xizmatda qolayotganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Ukrainaga qarshi to‘liq miqyosli bosqin boshlanganidan beri Rossiya armiyasining tasdiqlangan yo‘qotishlari 152 142 nafarga yetgani haqida xabar berilgandi.