Rossiya AQSHning takliflariga javob tayyorladi

Olam

image

Rossiya bugun, 17 fevral kuni xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha muloqot doirasida AQSH bildirgan takliflarga o‘z javobini yuboradi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov ma’lum qildi.  

“Amerika maktubi tahlilini yakunlamoqdamiz. Umid qilamanki, yaqin kelajakda vaziyat qanday rivojlanishini bilib olasiz. Bugun Amerika tomoniga ushbu maktubni yuboramiz”, degan Lavrov Italiya Tashqi ishlar vaziri Luidji di Mayo bilan muzokaralardan keyingi matbuot anjumanida. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, bu maktub ommaga e’lon qilinadi. 

“Mamlakatlarimizdagi fuqarolik jamiyatining manfaatdor a’zolari nima bo‘layotgani haqida tasavvurga ega bo‘lishi muhim deb hisoblaymiz. Aks holda, Vashington va Bryusseldagi hamkasblarimiz ma’qul ko‘rganidek, bu sir saqlansa, jamoatchilik fikri hozir axborot maydonini to‘ldirib borayotgan yolg‘on va ochiq-oydin tashviqot bilan to‘lib qoladi”, deya qo‘shimcha qilgan Rossiya Tashqi ishlar vaziri. 

Yanvar oyi oxirida AQSH va NATO Moskvaga Rossiyaning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha takliflariga yozma javoblar yuborgan edi. 

Lavrov shu hafta boshida Rossiya Prezidenti Vladimir Putin bilan uchrashuvda Rossiyaning AQSH va NATOning xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha javoblariga munosabati shakllantirilganini, bu 10 sahifadan iboratligini aytgan. Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Prezident hujjatni prinsipial jihatdan ma’qullagan va u yaqin orada AQSH va NATOga topshiriladi. Lavrov hujjat G‘arb poytaxtlariga topshirilgandan keyin e’lon qilinishiga ishontirgan. 

Ma’lumot o‘rnida, 2021 yil oxirida Rossiya AQSH bilan shartnoma va NATO bilan xavfsizlik kafolatlari bo‘yicha kelishuv loyihalarini chop etdi. Xususan, Moskva o‘zining g‘arblik hamkorlaridan NATOning sharqqa tomon kengayishi, Ukraina blokiga qo‘shilishi va postsovet mamlakatlarida harbiy bazalar o‘rnatishdan bosh tortishning huquqiy kafolatlarini talab qilmoqda. Takliflarda, shuningdek, NATOning zarba beruvchi qurollarini Rossiya chegaralari yaqinida joylashtirmaslik va Sharqiy Yevropadagi ittifoq kuchlarini 1997 yilgi pozitsiyalarga olib chiqish to‘g‘risidagi band ham bor.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya

Baholaganlar

424

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing