Rossiya AQSHga Ukraina bo‘yicha muzokaralarga tayyor ekanini ochiq aytdi – “Bloomberg”
Olam
−
26 yanvar
13955Rossiya rasmiylari norasmiy kanallar orqali AQSH rahbariyatiga Ukrainadagi mojaroni tinch yo‘l bilan hal etish bo‘yicha muloqotga, jumladan, Kiyev uchun bo‘lajak xavfsizlik choralarini muhokama qilishga tayyor ekanini bildirdi. Bu haqda “Bloomberg” agentligi Kremlga yaqin o‘z manbalariga tayanib, xabar berdi.
Agentlik manbalariga ko‘ra, Moskvadan kelgan “signallar” o‘tgan oy Vashington tomonidan noma’lum vositachi orqali olingan.
“Bloomberg” suhbatdoshlarining ta’kidlashicha, Rossiya katta ehtimol bilan Ukrainaning neytral maqomi va Kiyevning NATOga qo‘shilmaslik talabidan voz kechish imkoniyatiga yo‘l qo‘yishi mumkin, ammo hozirda Rossiya qo‘shinlari tomonidan nazorat qilinadigan hududlarni tan olishni talab qiladi (Donetsk, Lugansk, Xerson va Zaporoje viloyatlari).
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasi Qrimning maqomini hech qanday tarzda muhokama qilishga tayyor emas.
AQSH Milliy xavfsizlik kengashi agentlikka Rossiya tomonining bunday “signallari” haqida ma’lumotga ega emasligini aytgan.
“Rossiya pozitsiyasida tasvirlangan o‘zgarishlardan xabardor emasmiz. Rossiya bilan qachon va qanday muzokara olib borishni Ukrainaning o‘zi hal qiladi”, deydi Milliy xavfsizlik kengashi matbuot kotibi Edriyenn Uotson “Bloomberg” bilan suhbatda.
Rossiya Prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov esa agentlikka “Rossiya Ukrainadagi vaziyatni tartibga solish bo‘yicha muzokaralar uchun ochiq bo‘lgan va shunday bo‘ladi” deya javob bergan.
“Biroq u o‘z maqsadlariga erishilgunga qadar “harbiy amaliyot”ni davom ettirishga qaror qildi”, deydi Peskov.
LiveBarchasi