Rossiya AQSHdan Ukrainaga qurol yetkazib berishni to‘xtatishni talab qildi
Olam
−
25 aprel 2022
17381Moskva Vashingtonga Kiyevga qurol yetkazib berishni to‘xtatish talabi bilan nota yubordi. Bu haqda Rossiyaning AQSHdagi elchisi Anatoliy Antonov “Rossiya-24” telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qilgan.
“800 million dollar, shunday summada Vashingtondan Kiyevga qurol yetkazib beriladi. Bu juda katta raqam, u diplomatik yechim topishga, vaziyatni hal qilishga hissa qo‘shmaydi. Biz nota berdikmi – ha. Biz vaziyatning qabul qilinishi mumkin emasligini ta’kidlab, bu amaliyotni to‘xtatishni talab qildik”, degan u.
Antonovning ta’kidlashicha, Qo‘shma Shtatlar “vaziyatni og‘irlashtirishga harakat qilmoqda”.
“AQSH senatorlari ochiq aytganidek, maqsad Rossiya oyoqqa turib olishiga, Rossiya manfaatlari dunyoda hurmat qilinishiga, Rossiya ovozi eshitilishiga yo‘l qo‘ymaslikdir”, degan diplomat.
Avvalroq, AQSH Prezidenti Jo Bayden ma’muriyati Ukrainaga yangi harbiy yordam paketini e’lon qilishga tayyorlanayotgani haqida xabar bergandik. Ta’kidlanishicha, yangi yordam paketi avvalgi “o‘lchamga o‘xshash” bo‘ladi. Bundan oldin AQSH Ukrainaga 800 million dollarlik qurol-yarog‘ ajratgandi.
Ma’lumot o‘rnida, Qo‘shma Shtatlar tomonidan joriy yilning 24 fevralidan buyon Ukrainaga ajratilgan harbiy yordamning umumiy miqdori 3,4 milliard dollarga, 2021 yil yanvaridan buyon esa 4 milliard dollarga baholanmoqda. U 1400 dan ortiq Stinger zenit-raketa komplekslarini, 5500 dan ortiq Javelin tankga qarshi raketa tizimini va 14 000 dan ortiq tankga qarshi boshqa tizimlarni o‘z ichiga oladi.
LiveBarchasi