Rossiya agressiyasining oqibatlarini o‘z ko‘zim bilan ko‘rdim – Kisida
Olam
−
30 mart 2023
9842Yaponiya G7 raisi sifatida qonun ustuvorligiga asoslangan xalqaro tartibni saqlash va mustahkamlashda yetakchilik qilish majburiyatini oladi. Bu haqda Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida AQSH, Kosta-Rika, Niderlandiya, Janubiy Koreya va Zambiya hamraisligida onlayn tarzda o‘tkazilayotgan ikkinchi “Demokratiya sammiti” ishtirokchilariga yo‘llagan videomurojaatida aytib o‘tdi.
Yaponiya hukumati rahbari Rossiya va Ukraina o‘rtasidagi mojaro mavzusi kontekstida qonun ustuvorligiga asoslangan tartib muhimligini ta’kidlagan. Fumio Kisida o‘tgan hafta Ukrainaga qilgan tashrifi yakunlari haqida gapirar ekan, Rossiya agressiyasining dalilini o‘z ko‘zi bilan ko‘rganini ta’kidlagan.
“Men o‘z ko‘zim bilan Rossiyaning agressiyasining dalilini ko‘rdim. Men bu vahshiyliklar haqida bevosita ularni boshidan kechirganlardan eshitdim”, deydi Yaponiya Bosh vaziri.
Eslatib o‘tamiz, joriy yilning 22 mart kuni Yaponiya Bosh vaziri Fumio Kisida Ukarainaga safari doirasida Kiyev viloyatidagi o‘tgan yilning aprel oyida ishg‘ol qilingan Bucha shahriga tashrif buyurgan, u yerda rus qo‘shinlari tomonidan o‘ldirilgan tinch aholining ommaviy qabrlari yaqinidagi cherkov yoniga gul qo‘ygan va marhumlar xotirasiga bir daqiqa sukut saqlagan edi. Mazkur tashrifda Kisida Zelenskiyni ham joriy yilning may oyida Yaponiya janubi-g‘arbidagi Xirosima shahrida bo‘lib o‘tadigan G7 yetakchilari sammitiga taklif qilgan edi.