Rossiya Abxaziyada harbiy-dengiz bazasi quryapti – Zurabishvili 

Olam

image

Rossiya Abxaziyada harbiy-dengiz kuchlari uchun yangi doimiy baza yaratish ustida ish olib bormoqda. Bu haqda Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili Tbilisida mahalliy va xalqaro ommaviy axborot vositalari vakillari bilan uchrashuvda so‘z ochdi.

Uning aytishicha, Rossiya ushbu portni rivojlantirish bo‘yicha dastlabki ishlarni boshlab yuborgan. 

“Ochamchirada dastlabki ishlar olib borilmoqda. Bu jiddiy masala, chunki bu nafaqat biz uchun, balki butun Qora dengizning xavfsizligi uchun ham muammodir”, deya qo‘shimcha qildi u.

Shuningdek, Zurabishvili Gruziya Bosh vaziri Irakliy Kobaxidze va butun hukumatni Rossiya tomonidan bosib olingan Abxaziya va Janubiy Osetiya hududlariga nisbatan samarali siyosat yuritmayotganlikda aybladi. Prezident bu ikki viloyat aholisiga Gruziya fuqaroligi berilishi kerak, deb hisoblaydi va bu hududlarda yashovchi odamlarda Gruziya va uning imkoniyatlariga qiziqish kuchayganini ilgari suradi.

Bundan tashqari, Prezident muxbirning Fransiyaning Armanistonga keyingi qurol yetkazib berishlari Janubiy Kavkazda, jumladan, Gruziyada mustahkam tinchlikka erishish jarayoniga, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasida tinchlik shartnomasi imzolanishiga qanday ta’sir etishi haqidagi savoliga javob berar ekan, bu masalani to‘g‘ridan-to‘g‘ri baholashni istamasligini aytdi.

“Boshqa davlat siyosati haqida hech qanday tasavvurga ega emasman”, deb qo‘shimcha qildi Zurabishvili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, Ozarbayjon va Armaniston o‘rtasidagi mojaro hali tugamagan: 

“Biz Gruziya uchun bu mojaroga barham berish muhimligini juda yaxshi bilamiz. Gruziya ikki davlat o‘rtasida tashkil etiladigan muzokaralarga katta hissa qo‘shishi mumkin”.

Zurabishvili, shuningdek, Gruziya hukumati tomonidan kiritilgan “xorijiy ta’sirning shaffofligi” to‘g‘risidagi qonun tasdiqlanishi ortidan o‘z mamlakatining AQSH va Yevropa Ittifoqi bilan munosabatlaridagi muammolarga ham to‘xtalib o‘tdi. Qonunni tanqid qilar ekan, u 26 oktyabrda bo‘lib o‘tadigan umumiy saylovda amaldagi hukumat g‘alaba qozonmasligi va yangi hukumat G‘arb bilan munosabatlarini qayta yo‘lga qo‘yishi kerakligini aytdi.

“Agar muxolifat saylovlarda g‘alaba qozonsa, texnokratik hukumat tuziladi, demokratiya va Yevropa Ittifoqiga integratsiyani rivojlantirish yo‘lida muhim qadamlar qo‘yiladi”, deydi Prezident.

Zurabishvili AQSH ma’muriyatining o‘z mamlakatida bahs-munozaralarga sabab bo‘lgan “tashqi ta’sir qonuni” tufayli Gruziyaga 95 million dollarlik yordamni to‘xtatish, AQSH-Gruziya qo‘shma harbiy mashg‘ulotlariga barham berish va Gruziyaning YeIga a’zo bo‘lish uchun harakatlarini tugatish haqidagi qarorlarini izohlar ekan, bu qarorlarning umuman hayratlanarli emasligini ta’kidladi.

Zebo Turobjonova


Maqola muallifi

avatar

.

Teglar

Rossiya harbiy-dengiz bazasi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing