Rossiya 2025 yilda Ukrainaning 1 foizdan kam hududni bosib oldi – Putin

Olam

image

Rossiya qo‘shinlarining Ukrainadagi hujum sur’ati sekinlashdi, 2025 yilda esa Ukrainaning bor-yo‘g‘i 1 foizdan kam hududi ustidan nazorat o‘rnatildi. Bu haqda kecha, 7 oktyabr kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Mudofaa vazirligi va Bosh shtab rahbariyati bilan bo‘lgan yig‘ilishda so‘z ochdi.

Putinga ko‘ra, 2025 yil boshidan beri Rossiya qo‘shinlari “deyarli besh ming kvadrat kilometr – aniqrog‘i, 4900 kv km maydon va 212 ta aholi punktini” egallagan.

Ukraina nashrlari ham avgust oyida shunga yaqin raqamlarni e’lon qilgan, ammo bu ko‘rsatkichlar Rossiyaning butun urush davomida qo‘lga kiritgan yutuqlariga nisbatan juda kichik ekanini ta’kidlagan. Ularning hisob-kitobiga ko‘ra, Rossiya 2022 yil 12 noyabrdan 2025 yil 17 avgustgacha atigi 5842 kv km hududni egallagan. Bu esa Ukraina hududining 0,97 foiziga teng. Urush boshlanganidan beri esa umumiy hisobda 108 651 kv km hudud bosib olingan.

Putin tilga olgan 4900 kv km hudud Donetsk (26 517 kv km) va Lugansk (27 183 kv km) viloyatlarining maydoniga nisbatan bir necha baravar kichik. 

2025 yilning avgusti oxiriga kelib, Ukraina Qurolli kuchlari Donetsk viloyatining taxminan 30 foizini, ya’ni 8 ming kv km'ga yaqin hududni nazorat qilib turgan. 

Shu o‘rinda, Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy Rossiyaning sezilarli yutuqlarga erisha olmayotganini ta’kidlab kelmoqda. 

Eslatib o‘tamiz, avvalroq AQSH Ukrainaga Rossiya hududining chuqur qismiga zarbalar berish uchun zarur bo‘lgan razvedka ma’lumotlarini taqdim etishi haqida xabar berilgandi. Prezident Donald Tramp AQSH razvedka xizmatlari va Pentagonga Kiyevga bu yo‘nalishda yordam berishga ruxsat bergan.


Maqola muallifi

Teglar

Rossiya Ukraina

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing