Rossiya 100 yil ichida ilk bor AQSHda elchisiz qolishi mumkin

Olam

image

Rossiya 1930 yillardan beri ilk marta AQSHdagi diplomatik missiyasini uzoq muddat davomida rahbarsiz qoldirishi mumkin. Kecha, 6 oktyabr kuni 2017 yildan beri Rossiyaning AQSHdagi elchisi lavozimida ishlab kelayotgan Anatoliy Antonov Moskvaga qaytib keldi. Yangi elchi tez orada tayinlanishi rejalashtirilmayapti. Bu haqda rus amaldorlari va Davlat Dumasidagi manbalariga tayanib, "Vedomosti" xabar berdi.

Nashrning yozishicha, ilgari Rossiya Mudofaa vazirligining qurolsizlanishni nazorat qilish bo‘limini boshqargan Antonov ketishidan oldin o‘zi va boshqa rossiyalik diplomatlarga qarshi tahdidlar bo‘lganini aytgan. Prezidentning Antonovning iste’fosi haqidagi farmoni yaqin kunlarda chiqarilishi kutilmoqda.

"Hozir (AQSHda) Rossiya elchisi bilan rasmiy shaxslar baribir muloqot qilmayapti, shuning uchun Vashingtonda kim yangi vakil bo‘lishi muhim emas", deydi nashr manbalaridan biri.

Rossiya Xalqaro ishlar kengashi rahbari Andrey Kortunovga ko‘ra, Rossiya AQSHga nisbatan noroziligini bildirish maqsadida vaqtinchalik elchi o‘rinbosarining ishini davom ettirishi mumkin. Yana bir variant – elchi sifatida TIV departamenti boshlig‘i tayinlanishi. Bu uslub 2019 yilda Buyuk Britaniyaga elchi tayinlanganida qo‘llangan. Uning fikricha, Rossiya Vashingtondagi vakillik darajasini tushirishi mumkin.

Nashrga ko‘ra, Rossiyaning AQSH bilan diplomatik aloqalar darajasini tushirish ehtimoli haqida 2024 yil aprel oyida Rossiya Tashqi ishlar vaziri o‘rinbosari Sergey Ryabkov aytib o‘tgan. Iyunda esa bu tahdidni Kreml matbuot kotibi Dmitriy Peskov takrorlagan.

Ryabkovning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Rossiyaning muzlatilgan oltin-valyuta zaxiralarini musodara qilsa, Moskva AQSHdagi elchixonadan voz kechishi mumkin. Peskov esa bunga sabab sifatida AQSH va uning ittifoqchilarining Ukrainadagi urushga yanada chuqurroq aralashuvini keltirgan.

Ma’lumot uchun, Moskva oxirgi marta AQSHda elchisiz 1930 yillarning oxirida qolgandi, o‘shanda Sovet elchixonasini vaqtinchalik vakillar boshqargan. 1941 yilda AQSHda birinchi sovet elchisi Konstantin Umanskiy bo‘lgan. Eng uzoq muddat xizmat qilgan elchi esa Anatoliy Dobrinin hisoblanadi — u 1962 yildan 1986 yilgacha AQSHda xizmat qilgan.


Maqola muallifi

Teglar

AQSh Rossiya elchi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing

online_predictionLive

Barchasicall_made