Rossiya hammasi uchun javob berishi kerak – Oq uy
Olam
−
15 dekabr 2022
4496AQSH ma’muriyati Rossiyaning Ukrainadagi bosqinchiligi bilan bog‘liq tribunal tashkil etish taklifini ko‘rib chiqishda davom etmoqda. Bu haqda kecha, 14 dekabr kuni jurnalistlar uchun o‘tkazilgan navbatdagi brifingda Oq uy Milliy xavfsizlik kengashining strategik aloqalar bo‘yicha koordinatori Jon Kirbi ma’lum qildi.
Undan Ukraina voqealari kontekstida tribunal yaratish g‘oyasiga izoh berish so‘ralgan.
“Tribunalga kelsak, biz hali ham bu taklifni ko‘rib chiqmoqdamiz va bu masala ustida ishlayapmiz. Biz bu haqda aniq bir narsa aytishimizdan oldin bu [ko‘rib chiqish] jarayoni davom etishiga ishonch hosil qilishni istaymiz”, deb javob berdi Kirbi.
Uning qayd etishicha, AQSH Rossiyaning Ukrainadagi harakatlari uchun javob berishini istaydi.
"Hozirda biz qo‘llab-quvvatlayotgan, hujjatlashtirgan va tahlil qilayotgan bir qancha xalqaro tekshiruvlar olib borilmoqda. Va biz buni davom ettiramiz", deb xulosa qildi Kirbi.
Rossiyaning Venadagi xalqaro tashkilotlardagi doimiy vakili Mixail Ulyanov 14 dekabr kuni aytganidek, faqat BMT Xavfsizlik Kengashi tribunal tuzishi mumkin. Agar G‘arb BMT Bosh Assambleyasi orqali Ukrainadagi voqealar bo‘yicha o‘ziga xos tribunalni ilgari surmoqchi bo‘lsa, unda qabul qilingan qarorlar noqonuniy bo‘ladi. Sentyabr oxirida Yevropa Ittifoqi Tashqi xizmati rahbari Jozep Borrel “Politico” nashriga BMT Bosh Assambleyasining 77-sessiyasida “rossiyaliklarni xatti-harakatlari uchun javobgarlikka tortish” uchun mustaqil tribunal yaratish zarurligi haqida gapirgan edi. 14 dekabr kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Yevrokomissiyaning tribunal tashkil etish taklifi bo‘yicha YeI davlatlari o‘rtasida kelishmovchiliklar mavjudligini tasdiqladi.
Ukraina Prezidenti Vladimir Zelenskiy esa urush tugashini kutmasdan, Rossiya rahbariyatini hozirdanoq javobgarlikka tortish uchun xalqaro tribunal yaratishni talab qilmoqda va kelajakda adolatning tegishli institutsional asosini doimiy qilish zarur deb hisoblaydi.
LiveBarchasi