Rossiya xalqi Putinga ko‘proq ishonadimi yoki Navalniyga?
Olam
−
06 fevral 2021
12360So‘nggi vaqtlarda Rossiyada bo‘layotgan voqealar, jumladan mamlakat Prezidenti Putinga tegishli ekanligi aytilgan saroy, Hukumatga qarshi namoyishlar va muxolifat yetakchisi Aleksey Navalniyning qamalishi dunyo e’tiborini o‘ziga tortmoqda.
Hokimiyat manbai halq ekanligini hisobga olsak, ushbu voqealar borasida turli xil ekspertlar fikridan ham ko‘ra, Rossiya aholisining kimga ishonishi va ishonmasligi hamda ularning o‘z Vatanida yuz berayotgan so‘nggi voqealarga bo‘lgan munosabati muhimroq. Shunday ekan bu borada Rossiyaning “Ijtimoiy fikr” jamoat fondi va “Levada-Sentr” nodavlat tadqiqot markazi ijtimoiy so‘rovnoma o‘tkazdi. Bu so‘rovnomada Putin yoki Navalniyga bo‘lgan ishonch masalasi ham o‘rin olgan.
“Ijtimoiy fikr” jamoat fondi tomonidan o‘tkazilgan so‘rov natijalariga ko‘ra, rossiyaliklarning yarmidan ko‘pi Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga ishonadi.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, so‘rovnomada qatnashganlarning 54 foizi Prezidentga ishonch bildirgan, ularning 34 foizi davlat rahbariga ishonmasligini qayd etgan. Yana 12 foizi bu savolga javob berishga qiynalgan.
“Ijtimoiy fikr” jamoat fondi ushbu so‘rovnomani joriy yilning 29-31 yanvar kunlari Rossiyaning 73 regionidagi 207 ta aholi yashash punktining 18 va undan yuqori yoshda bo‘lgan 3 ming kishi o‘rtasida o‘tkazgan.
Ma’lumot o‘rinda, ushbu fond 1991 yilda tashkil etilgan bo‘lib, uning asosiy mijozi Rossiya Federatsiyasi Hukumati hisoblanadi.
Bundan tashqari, ushbu mavzuda “Levada-Sentr” nodavlat tadqiqot markazi ham so‘rovnoma o‘tkazgan.
Ushbu so‘rovnomaga ko‘ra, Rossiya Prezidenti Vladimir Putinga bo‘lgan ishonch 29 foizga tushgan. “Levada-Sentr” ma’lumotlariga ko‘ra, Putinga bo‘lgan ishonch so‘nggi ikki yildan beri faqat pastlamoqda. 2017 yilda davlat rahbariga bo‘lgan ishonch 59 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2020 yilda 33 foiz, ayni vaqtda esa 29 foizni tashkil qilmoqda.
“Levada-Sentr” so‘rovnomasi vaqtida ishtirokchilarga Navalniy haqida ham savollar berilgan. Ma’lum bo‘lishicha, 19 foiz ishtirokchi Navalniyning faoliyatini qo‘llab-quvvatlagan. Shuningdek, 2013 yilda 59 foiz odam Navalniyni tanimasligini aytgan bo‘lsa, hozir ushbu ko‘rsatkich 12 foizga tushgan.
“Levada-Sentr” direktori Lev Gudkov so‘nggi voqealar (Navalniyning “Iv Roshe” ishi bo‘yicha qamalishi, uni qo‘llab-quvvatlab ko‘chaga chiqqan namoyishchilar) jamoatchilik fikriga unchalik ta’sir qilmaganini ta’kidlagan.
"Odamlar buni muhokama qilishi uchun biroz vaqt talab etiladi, shundan keyin ba’zi stereotiplar, ta’riflar shakllanadi. Hozirda bu jarayon davom etmoqda“, deydi Lev Gudkov.
Ushbu so‘rovnoma joriy yilning 29 yanvar – 2 fevral kunlari 18 yoshdan yuqori bo‘lgan 1616 nafar ishtirokchi o‘rtasida o‘tkazilgan.
LiveBarchasi