Ronalduning muxlislari to‘yda adashib qoldi (video)

Sport

image

Joriy yilning 8 avgust kuni Krishtianu Ronalduning minglab muxlislari OAV xabarlariga ishonib, Portugaliyaning Madeyra orolida butunlay boshqa juftlikning to‘yiga yig‘ilib qoldi. Bu haqda “The Touchline” nashri xabar berdi.

Nashrning yozishicha, Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodrigesning nikoh to‘yi haqida xabarlar tarqalganidan so‘ng, OAV vakillari to‘y sanasi va joyini ham e’lon qilgandi.

Belgilangan kunda sobor oldiga Ronalduning muxlislari va oddiy tomoshabinlar mashhur juftlikning to‘yini ko‘rish uchun to‘plangan.

“Kelinni olib kelayotgan eski “Rolls-Royce” sobor kirish qismiga yaqinlashganida, olomon nihoyat kutgan lahzasi kelganiga ishonch hosil qildi. Qo‘llarida telefonlar bilan odamlar mashinani o‘rab oldi. Ayrimlar hatto Ronalduning futbolkasi va futbolchining surati tushirilgan niqoblarni ham taqib olgan. Kelin mashinadan tushganida esa mehmonlardan biri olomonni tinchlantirishga urinib: “Bu Jorjina emas”, dedi”, deb yozagan manba.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, Fransiyada yashovchi madeyralik juftlik – Fabio Ramos va Fatima Nikol Kunya Teysheyra aynan shu soborda nikohdan o‘tayotgan ekan. Yangi turmush qurganlarning do‘stlari va qarindoshlari sobor ichiga kirish uchun to‘plangan olomon orasidan o‘tishga majbur bo‘lgan.

Sobor ruhoniysi Markos Gonsalvesh ham mazkur to‘yning Ronaldu va Jorjina bilan hech qanday aloqasi yo‘qligini tasdiqlagan.

Ma’lumotlarga ko‘ra, Krishtianu Ronaldu muxlislari Fabio va Fatima Nikolning to‘y marosimiga xalaqit bermagan.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Krishtianu Ronaldu va Jorjina Rodriges joriy yilning avgust oyida bo‘lib o‘tishi haqida xabarlar tarqalgandi. Ronaldu va Jorjina esa hozircha to‘yning sanasi va o‘tkaziladigan joyi haqida rasman ma’lumot bermagan.


Maqola muallifi

Baholaganlar

0

Reyting

3

Maqolaga baho bering

Doʻstlaringiz bilan ulashing