Ronalduning biologik yoshi oshkor qilindi
Sport
−
25 noyabr 27082 2 daqiqa
Portugaliya terma jamoasi va Saudiya Arabistonining “Al-Nasr” klubi hujumchisi Krishtianu Ronalduning biologik yoshi 28 da ekani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda 2026 yilgi Jahon chempionati oldidan Amerikaning WHOOP kompaniyasi e’lon qildi.
Ronaldu tayyorgarlik jarayonida o‘zining uyqu, tiklanish va umumiy jismoniy ko‘rsatkichlarini nazorat qilish maqsadida WHOOP kompaniyasi bilan hamkorlik qilmoqda. “Al-Nasr”ning 40 yoshli hujumchisi velosipeddagi kuch sinovi videosini e’lon qilganidan bir kun o‘tib, WHOOP uning biologik yoshi 12 yilga “kichik” ekani, 28 yosh deb baholanganini bildirdi.
Kompaniyaning ma’lum qilishicha, Ronalduning tanasi uyqu, tiklanish, ishlash va uzoq umr uchun optimal holatda, shuningdek, u elita darajadagi metabolik nazoratga ega. Bu mushaklarni to‘ldirib turadi, energiyani barqaror ushlab turadi va qarishni sekinlashtiradi.
23 yillik faoliyati davomida 954 ta gol urgan besh karra “Oltin to‘p” sohibi AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan JCH-2026 ga puxta tayyorlanmoqda. Ronaldu ushbu turnirda Lionel Messi bilan birgalikda tarixda olti marta Jahon chempionatida maydonga tushgan kam sonli futbolchilardan biriga aylanishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Portugaliya terma jamoasi va Saudiyaning “Al-Nasr” futbol jamoasi sardori Krishtianu Ronaldu Saudiya Arabistoni valiahd shahzodasi va Bosh vaziri Muhammad bin Salmonning AQSHga tashrifi munosabati bilan Oq uyda bo‘lib o‘tgan tantanali kechki ovqatda qatnashgan edi.